Endi hisobi o‘chgan raqam 1 yilgacha bekor qilinmaydi

eʼlon qilindi
Oldin 2 oydan so‘ng bekor qilinar edi
Endi hisobi o‘chgan raqam 1 yilgacha bekor qilinmaydi / Foto: Facebook

Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tartibi takomillashtirilib, fuqarolar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan yangi o‘zgarishlar joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Yangi hujjatga muvofiq, mobil aloqa abonentlarining shaxsiy hisobidagi mablag‘ xizmatdan foydalanishni davom ettirish uchun yetarli bo‘lmaganda, mobil operator va abonent o‘rtasidagi shartnomani bekor qilish muddati 2 oydan 1 yilgacha uzaytirildi.

Shuningdek, abonentlar amaldagi tarif rejasini boshqa tarif rejasiga bepul almashtirish huquqiga ega bo‘ladi. Faqat muayyan guruhlar yoki cheklangan hududlar uchun mo‘ljallangan maxsus tarif rejalari bundan mustasno.

Tarif shartlari o‘zgartirilgan taqdirda operatorlar abonentlarni kamida 15 kun oldin ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-sayt yoki SMS xabarnomalar orqali xabardor qilishi shart.

Aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida xizmat ko‘rsatish punktiga bora olmaydigan fuqarolar uchun yashash joyiga borib xizmat ko‘rsatish, shuningdek, olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarda sayyor mobil aloqa xizmatlarini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq abonent roziligisiz pullik xizmatlarga ulash taqiqlangani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek