Avto

GM Chevrolet Bolt ishlab chiqarilishining yakuniy muddati va sabablarini ma’lum qildi

Bolt’ning cheklangan seriyasi Chevrolet Equinox va yangi avlod Buick Envision kabi benzinli modellarga joy bo‘shatadi
Foto: GM

General Motors 2027-yilgi Chevrolet Bolt elektromobilini ishlab chiqarishni 2027-yil o‘rtalarida yakunlaydi. Kompaniya Kansas shtatidagi Fairfax zavodida 2025-yil noyabrda qayta boshlangan ishlab chiqarishni atigi 18 oy davom ettirib, ichki yonuv dvigatelli (ICE) SUV modellarga ustuvorlik berishni rejalashtirmoqda. Qaror AQShda bojlar oshishi va siyosiy yo‘nalishlar o‘zgarishi fonida qabul qilindi.

GM ma’lumotiga ko‘ra, Bolt’ning cheklangan seriyasi Chevrolet Equinox va yangi avlod Buick Envision kabi benzinli modellarga joy bo‘shatadi. Trump ma’muriyati davrida elektromobillar uchun $7,5 ming miqdoridagi federal soliq imtiyozining bekor qilinishi talabni susaytirdi, Meksika va Xitoydan import qilinadigan avtomobillarga yuqori bojlar esa ishlab chiqarishni AQShga qaytarishni tezlashtirdi. Yoqilg‘i tejamkorligi bo‘yicha talablarning yumshatilishi ham benzinli avtomobillar foydasiga ishlamoqda.

Foto: GM

Chevrolet Bolt ilk bor 2016-yilda taqdim etilgan va AQShdagi eng arzon elektromobillardan biri sifatida mashhurlikka erishgan. 255 mil (410 km) masofani bosib o‘tish imkoniyati va nisbatan qulay narxi uni ommabop qilgan. Biroq batareya muammolari sababli chaqiruvlar o‘tkazilib, model 2023-yil oxirida ishlab chiqarishdan chiqarilgan edi. 2025-yil oktabrida GM kutilmaganda Bolt’ning ikkinchi avlodini cheklangan hajmda qayta tiklashini e’lon qildi.

Foto: GM

Ishlab chiqarish Fairfax zavodida bir smenada olib borilmoqda, 900 nafar ishchi vaqtincha ishdan bo‘shatilgan. Bu esa ishlab chiqarish hajmi cheklanganini ko‘rsatadi. 2027-yilgi Bolt’lar 2026-yil boshidan mijozlarga yetkazila boshladi, biroq ishlab chiqarish 2027-yil o‘rtalarida to‘xtaydi.

Foto: GM

Yangilangan Bolt texnik jihatdan ham takomillashtirilgan. 65 kVt/soat sig‘imli LFP batareya, 150 kVt tezkor quvvatlash, 157 kVt quvvatga ega elektromotor va $28 995 dan boshlanuvchi narx modelni yana bozorga raqobatbardosh qilib chiqardi. GM Bolt 2026-yilda Chevrolet’ning elektromobil savdosining katta qismini ta’minlashini bildirgan.

Biroq tahlilchilarga ko‘ra, bu qaror arzon elektromobillar segmenti uchun salbiy signal bo‘ldi. Soliq imtiyozlari yo‘qligi sabab Bolt’ning real narxi $36 mingdan oshib ketadi. Cheklangan ishlab chiqarish va 2027-yil o‘rtalarida to‘xtatilishi xaridorlarni tezroq qaror qabul qilishga majbur qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM Chevrolet Bolt modelini ishlab chiqarishni to‘xtatishi haqida yozgandi.