
Janubiy Koreya hukumati O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha to‘xtatib turishi mumkin. Bu haqda O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga mamlakatda noqonuniy maqomda qolayotgan O‘zbekiston fuqarolari sonining oshishi sabab bo‘lmoqda. Ayni vaqtda Koreyada bo‘lib turgan yurtdoshlarimizning taxminan 9 foizi noqonuniy maqomda ekan. Agar bu ko‘rsatkich 10 foizga yetsa, Koreya Adliya vazirligi vizalar berilishini to‘liq to‘xtatishi mumkin.
Elchi 17-yanvar kuni tadbirkorlar, hukumat a’zolari va diplomatlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Janubiy Koreyaga ishga yuborish faqat Migratsiya agentliklari orqali amalga oshirilishini ta’kidladi. Xususiy bandlik agentliklari bunday vakolatga ega emas.
Abdusalomovning aytishicha, ko‘plab holatlarda ishchilar rasmiy yuborilgan ish joyini tark etib, boshqa joylarda noqonuniy ishlashga o‘tmoqda. Bu holat Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston migrantlariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, elchi ta’lim yo‘nalishida kelgan ayrim fuqarolar o‘qishni tashlab, noqonuniy ishlashga o‘tib ketayotganini qayd etdi. Bu esa nafaqat migratsiya, balki O‘zbekistonning xalqaro imijiga ham zarar yetkazmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri o‘zbekistonliklar uchun AQSh vizasini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlangani haqida yozgan edi.