Avto

Janubiy Koreyada arzon Tesla Model 3 sotuvga chiqdi

Model 3 modeli Tesla’ning Shanxaydagi Gigafactory zavodida yig‘ilgan
Foto: Tesla

Janubiy Koreyada Tesla Model 3 modelining yangi budjet talqini savdoga chiqarildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Avtomobil Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, Tesla’ning Osiyodagi yangi narx siyosati boshlanishidan darak berishi mumkin. Yangi Model 3’ning boshlang‘ich narxi 41,99 mln vonni tashkil etadi. Bu taxminan $28,3 mingga teng. Davlat subsidiyalaridan so‘ng avtomobil narxi $25,7 mingdan past bo‘ladi. Bu hozircha dunyo bo‘yicha eng arzon yangi Tesla hisoblanmoqda.

Taqqoslash uchun, Janubiy Koreyada avval sotilgan Model 3 Long Range RWD versiyasi 52,99 mln von, ya’ni $35,7 ming atrofida baholangan. Ikki model o‘rtasidagi farq qariyb $7,1 mingni tashkil etadi.

Foto: CarNewsChina

Model 3 modeli Tesla’ning Shanxaydagi Gigafactory zavodida yig‘ilgan. Shu sababli modelning yaqin vaqtda Xitoy bozoriga ham chiqishi kutilmoqda. CarNewsChina’ga ko‘ra, logistika xarajatlari bekor bo‘lsa, narx $24,3 minggacha tushishi mumkin.

Yangi talqinda texnik imkoniyatlar qisqartirilgan. Avtomobil yurish zaxirasi 583 km dan 382 km gacha kamaygan. Bu qariyb 200 km farqni anglatadi. 0 – 100 km/soatgacha tezlanish vaqti 5,2 soniyadan 6,2 soniyagacha oshgan. Disklar faqat 18 dyuymli variantda taklif etiladi.

Salon ham soddalashtirilgan. O‘rindiqlar mato qoplamada va faqat qora rangda bo‘ladi. Old multimedia tizimidan radio funksiyasi olib tashlangan. Rul va old o‘rindiqlar elektr emas, mexanik sozlamaga o‘tkazilgan. Old o‘rindiqlarda isitish saqlangan, ammo ventilyatsiya yo‘q. Orqa o‘rindiqlarda isitish butunlay olib tashlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Tesla Model Y 2026 yetti o‘rindiqli versiyaning savdosi boshlangani haqida yozgan edi.