Yangiliklar

Microsoft yangi Maia 200 SI chipini taqdim etdi

Yangi protsessor 30 foizga yuqori iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi
Foto: microsoft.com

Microsoft kompaniyasi katta til modellarini ishga tushirishga ixtisoslashgan o‘zining ikkinchi avlod Maia 200 protsessorlarini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy sayti xabar berdi.

Yangi protsessor TSMCning 3 nm texnologik jarayoni asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, 140 mlrddan ortiq tranzistorni o‘z ichiga oladi. Maia 200 o‘tkazish qobiliyati 7 TB/s bo‘lgan 216 GB hajmdagi HBM3e xotirasi bilan jihozlangan. Ushbu texnik ko‘rsatkichlar sun’iy intellekt vazifalarini bajarishda samaradorlikni 30 foizga oshirish imkonini beradi.

Sinov natijalariga ko‘ra, Maia 200 Amazon va Google kabi raqobatchilarning yechimlaridan ustunlik qilgan. Bu ustunlik, asosan FP4 va FP8 formatidagi hisob-kitoblarda kuzatilgan. Mazkur «siqilgan» hisoblash standartlari neyron tarmoqlarni aniqlikni saqlagan holda yuqori tezlik va kam energiya sarfi bilan ishlatishga xizmat qiladi.

Ma’lum qilinishicha, chiplar allaqachon Microsoft kompaniyasining AQShdagi ma’lumotlar markaziga o‘rnatilgan. Ular ayni paytda Copilot xizmatlari hamda OpenAI kompaniyasining GPT-5.2 modeli ishlashini ta’minlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Microsoft Notepad va Paint’ga yangi sun’iy intellekt funksiyalari qo‘shgani haqida xabar bergan edi.