Narkotiklarni nazorat qilish agentligi rahbari Ravshan Mamatov ogohlantirildi

Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi rahbari Ravshan Mamatov ogohlantirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, poytaxtda jinoyatchilardan olib qo‘yilgan sintetik narkotik moddalar hajmi so‘nggi besh yilda 11 barobarga oshgani ma’lum qilindi. Bu holat narkojinoyatchilikning yanada murakkablashib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, sintetik narkotiklarning 95 foizi internet orqali tarqatilmoqda, to‘lovlar esa asosan kriptovalyuta orqali amalga oshirilmoqda. Eng xavotirli jihatlardan biri narkolaboratoriyalar mamlakat ichida ochilayotgani.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikda davlat organlarining bu yo‘nalishdagi aniq vazifalari belgilab berilmagani tanqid qilindi. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi esa hozircha faqat tahlil va xalqaro hamkorlik bilan cheklanib qolgani ta’kidlandi.
Endilikda ushbu agentlikning mas’uliyati keskin kuchaytiriladi. Unga narkojinoyatchilikka qarshi kurashda barcha mutasaddi idoralar ishini muvofiqlashtirish, nazorat qilish va baho berish vakolatlari beriladi. Agentlik zarur kuch va vositalar bilan to‘liq ta’minlanadi.
Shu munosabat bilan agentlik rahbari Ravshan Mamatov faoliyatida ijobiy o‘zgarish bo‘lmasa, uning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 1999-yilda qabul qilingan narkotiklar to‘g‘risidagi qonunni zamon talablariga mos ravishda yangidan ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, mutasaddilarga transchegaraviy va virtual maydonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha alohida xizmat tashkil qilinadi.
Har bir tumanida «Qaytaruv guruhlari» tashkil qilinadi
Adashganni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘nalishida poytaxtning har bir tumanida «Qaytaruv guruhlari» faoliyati doimiy asosda tashkil qilinadi.
Ushbu guruhlarga O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Toshkent islom instituti, «Ko‘kaldosh» o‘rta maxsus islom bilim yurti, O‘zbekiston Milliy universitetining yetuk mutaxassislari jalb qilinadi. Guruh a’zolari moddiy rag‘batlantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda poytaxtda 1,5 mingdan ortiq giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxs rasman ro‘yxatga olingani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, giyohvandlar oyiga o‘rtacha 20–25 mln so‘mni narkotik moddalar uchun sarflamoqda. Mablag‘ topish istagi esa ko‘pincha jinoyatlarga sabab bo‘lmoqda.