
Agar yuqori xalqaro keskinliklar, sanksiyalar bo‘yicha qarama-qarshiliklar va savdo deglobalizatsiyasining kuchayishi davom etsa, oltin narxi keyingi 3-4 yil ichida bir troya unsiyasi uchun $10 mingga yetishi mumkin. Bu haqda Yardeni Research ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, oltin bo‘yicha talab endilikda faqat «xavfsiz aktiv» sifatidagi rol bilan cheklanmay, balki global siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga bo‘lgan munosabat sifatida ham shakllanmoqda. Natijada uning narxidagi o‘zgarishlar boshqa tovar bozorlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlilda metallar bozoriga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim omillardan biri sifatida sun’iy intellekt yo‘nalishidagi geosiyosiy raqobat tilga olinadi. Mazkur raqobat texnologik sohada investitsiyalar hajmining oshishiga sabab bo‘lib, buning natijasida sanoat metallariga bo‘lgan ehtiyoj kuchaymoqda.
Bu jarayon AQSh prezidenti Donald Trampning mudofaa xarajatlarini keskin oshirish tashabbusi bilan yanada jadallashdi. U 2027-yilgacha harbiy budjetni $906 milliarddan $1,5 trilliongacha yetkazishni taklif qilib, buni «xavfli va beqaror davrlar» bilan izohlagan. AQShning Venesuela masalasidagi siyosati, Grenlandiyada harbiy bazalar bo‘yicha muzokaralar hamda Eron atrofidagi harbiy faollikning kuchayishi metallar bozoridagi o‘sish sur’atlarini tezlashtirgan.
Tahlilchilar qayd etishicha, yil boshidan buyon oltin, kumush, platina, palladiy va qalay narxlari S&P GSCI tovar indeksiga nisbatan yuqoriroq sur’atda o‘sdi. Shu bilan birga, sanoat metallariga yo‘naltirilgan ETFlar ham kuchli o‘sish dinamikasini namoyish qilmoqda.

Kompaniya oltin bo‘yicha uzoq muddatli prognozini o‘zgartirmagan: baholashlarga ko‘ra, oltin narxi 2026-yil oxiriga borib $6 mingga, 2029-yil oxiriga borib esa $10 mingga yetishi mumkin. Bu taxminlar geosiyosiy xatarlarning saqlanib qolishi va xomashyo bozorlaridagi bosim davom etishiga asoslangan.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yilda oltin xaridi qanchalik foyda keltirishi haqida yozgandi. 2025-yilda 65 foizlik o‘sishni qayd etgan oltin joriy yilda mazkur rekordni yangilashi kutilmoqda.