Yangiliklar

O‘zbekistonda kiberjinoyat turlari 62 taga yetdi

Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil etiladi
Foto: Unsplash

O‘zbekistonda mavjud kiberjinoyat turlari 62 taga yetdi. Shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, sun’iy intellekt orqali ovoz va yuzni soxtalashtirish hamda zararli fayllarni tarqatish holatlari avj olmoqda.

Ichki ishlar vazirligida kiberjinoyatchilik bo‘yicha alohida departament tashkil etiladi. Mazkur yo‘nalishga vazirning shaxsan o‘zi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Adliya vazirligida esa kiberjinoyatchilik va raqamli huquq bo‘yicha alohida boshqarma ochiladi.

Profilaktika inspektorlari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda ularning moddiy va ijtimoiy muammolari yig‘ilib qolgani aniqlangan. Shu sabab, ularni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatdagi obro‘sini oshirish bo‘yicha yangi choralar belgilandi.

Joriy yil 1-iyuldan poytaxtdagi profilaktika xodimlariga ushbu sohadagi ko‘p yillik staji uchun 5 mln so‘mgacha oylik ustama to‘lanadi. 1-fevraldan yuridik oliygohni bitirib ichki ishlar tizimiga ishga kirganlarga o‘qish davri ham mehnat stajiga qo‘shiladi.

Viloyatlardan kelib poytaxtda xizmat qilayotgan xodimlarning uy ijarasi uchun oylik to‘lov 1,8 mln so‘mdan 3,1 mln so‘mga oshiriladi. Shuningdek, 1-fevraldan ichki ishlar xodimlari uchun qurilayotgan uylarning 30 foizi faqat profilaktika inspektorlariga beriladi.

Kursiv Uzbekistan nashri Narkotiklarni nazorat qilish agentligi rahbari Ravshan Mamatov ogohlantirilgani haqida yozgan edi.