“O‘zbekneftgaz” sobiq raisi qamoqqa olindi

eʼlon qilindi
U bir nechta jinoyatlarda gumon qilinmoqda
Foto: «O‘zbekneftgaz» AJ

27-yanvar kuni prezident raisligidagi yig‘ilishda hozirda «O‘zbekneftgaz» AJda katta taftish ketayotgani, milliard-milliard so‘mlik talon-torojliklar aniqlangani aytildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Davlat xavfsizlik xizmati raisiga «O‘zbekneftgaz» AJ bo‘yicha mas’ul xodimlarning javobgarligini ko‘rib chiqish topshirildi. Ehtiyot chorasi sifatida tashkilot boshqaruvi sobiq raisi Bahodir Siddiqov qamoqqa olingan. U davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va boshqa korrupsiyaviy jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida avvaliga O‘zbekiston prezidentining energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili Alisher Sultonov, keyin esa «O‘zbekneftgaz» AJ rahbari Bahodir Siddiqov ishdan olingandi.

Foto: Bahodir Siddiqov va Alisher Sultonov

Sultonov 2013–2015-yillarda «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari, 2015–2018-yillarda «O‘zbekneftgaz» raisi sifatida ishlagan. U 2017-yildan bosh vazir o‘rinbosari sifatida geologiya, yonilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksiga ham rahbarlik qilgan. U 2019–2022-yillarda energetika vaziri bo‘lgan, keyinroq prezident maslahatchisi lavozimiga o‘tgandi.

Bahodir Siddiqov 2019–2020-yillarda ham «O‘zbekneftgaz»ga rahbarlik qilgan, 2023-yil ushbu lavozimga qaytgandi. 2025-yilning dekabrida boshqa ishga o‘tayotgani sababli iste’foga chiqqandi.

Avvalroq «Kursiv» Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda Davaktiv direktori Akmalxon Ortiqov ishdan olingani haqida yozgandi.

Shuningdek