
Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishning amaliy jihatlari va atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘tgan yilning oktabrida birinchi kam quvvatli reaktor binosi uchun poydevor qo‘yish ishlari boshlanganligi qayd etildi. Elektr stansiyani loyihalashtirish ishlari davom etmoqda. Shu bilan birga, Toshkentdagi «MMFI» milliy tadqiqot yadro universiteti filialida atom energetikasi va yadro texnologiyalari bo‘yicha ilg‘or muhandislik maktabi ishga tushirildi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash, sohada malakali kadrlarni tayyorlash, fanni rivojlantirish va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kichik AES qurilishi 2026-yil dekabriga qoldirilgan edi.