Avto

Renault Duster modelining yangi uchinchi avlodi taqdim etildi

Narxi $11 mingdan $22 minggacha
Renault Duster modelining yangi uchinchi avlodi taqdim etildi / Foto: Renault India

Renault kompaniyasi Hindistonda Duster krossoverining uchinchi avlodini rasman taqdim etdi. Bu haqda Autocar India nashri ma’lum qildi.

Bir vaqtlar mamlakatda o‘rta o‘lchamdagi krossoverlar segmentiga asos solgan ushbu model bir necha yillik tanaffusdan so‘ng bozorga qaytdi. Avval Hindistonda faqat birinchi avlod Duster sotilgan bo‘lib, u bir necha bor restaylingdan o‘tgan edi. Yangi model esa tashqi va ichki dizayndagi o‘ziga xos o‘zgarishlari bilan Yevropa va Janubiy Amerika versiyalaridan farq qiladi.

Foto: Renault India

Tashqi ko‘rinishi

2026-yilgi Hindiston talqinidagi Duster xalqaro modelning umumiy siluetini saqlab qolgan, biroq qator eksklyuziv dizayn yechimlariga ega. Old qismida «qosh» shaklidagi kunduzgi chiroqlar (DRL) bilan yangi optika o‘rnatilgan bo‘lib, ular burilish chiroqlari vazifasini ham bajaradi. Radiator panjarasida DUSTER yozuvi joylashgan, bamperda esa birinchi avlod uslubidagi yirik kumush rangli himoya qoplamasi hamda piksel ko‘rinishidagi tumanga qarshi chiroqlar mavjud.

Yon tomondan avtomobil g‘ildirak arkasi va poroglarda himoya plastik qoplamalar, tomda relinglar, orqa eshik tutqichlari esa ustunlarga yashirilgani bilan ajralib turadi. Orqa qismdagi asosiy o‘ziga xoslik — fonarlarni bog‘lovchi LED chiziq bo‘lib, bu global versiyada uchramaydi. Shuningdek, tomda spoyler va bamperda kumush rangli bezak mavjud.

Foto: Renault India

Saloni

Yangi Duster’ning saloni sezilarli darajada boyitilgan. Old panel, eshik qoplamalari va o‘rindiqlarda ekoteri qo‘llanilgan. Ichki makon qora rangda bo‘lib, yashil aksentlar va dekorativ tikuvlar bilan bezatilgan.

Jihozlar ro‘yxatiga ikkita 10 dyuymli ekran, simsiz Apple CarPlay va Android Auto’ni qo‘llab-quvvatlovchi multimedia tizimi, lyukli panoramali tom, ikki zonali iqlim nazorati va old o‘rindiqlar ventilyatsiyasi kiradi. Haydovchi o‘rindig‘i 6 yo‘nalishda elektr sozlanadi, smartfon uchun simsiz quvvatlash mavjud, yukxona eshigi esa elektr yuritma orqali ochiladi.

Foto: Renault India

Dvigatellar va texnik imkoniyati

Hindiston bozorida Renault dizel dvigatellardan to‘liq voz kechgan. Yangi Duster uchta benzinli variant bilan taklif etiladi:

  1. 1.0 Turbo — mexanik uzatmalar qutisi yoki variator bilan;
  2. 1.3 Turbo — 163 ot kuchi va 280 Nm aylanish momentiga ega;
  3. 1.8 Strong Hybrid — gibrid kuch qurilmasi bilan.

Muhim jihat shundaki, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Hindiston versiyasi uchun to‘liq yuritma (AWD) tizimi nazarda tutilmagan.

Foto: Renault India

Xavfsizlik tizimlari

Yangi Duster Hindistonda Renault’ning ADAS ikkinchi darajali faol xavfsizlik tizimi bilan jihozlangan birinchi avtomobili bo‘ldi. Bazaviy to‘plamga 6 ta xavfsizlik yostig‘i, 360 darajali ko‘rish tizimi, old va orqa parkovka datchiklari hamda shinalardagi bosimni nazorat qilish tizimi kiradi. Bu esa modelni o‘z segmentidagi eng xavfsiz avtomobillardan biriga aylantiradi.

Foto: Renault India

Narxi

Hozircha avtomobil narxlari rasman e’lon qilinmagan. Dastlabki baholarga ko‘ra, yangi Duster narxi $11 mingdan $22 minggacha bo‘lishi kutilmoqda. Sotuvlar yaqin vaqt ichida boshlanadi. Modelning asosiy raqobatchilari sifatida Hyundai Creta, Tata Sierra, Kia Seltos, Skoda Kushaq va Toyota Hyryder ko‘rsatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Zeekr 8X chiqarilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabar bergan edik.