
«S.Najimov» (Mayskiy) chegara posti fuqarolar uchun qachon ochilishi hozircha noma’lum. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, chegara postida hozircha faqat yuk avtotransport vositalariga ruxsat berilgan. Yengil avtomobillar va fuqarolar uchun harakat hali ochilmagan.
«Chegara bojxona postidan hozircha faqat yuk avtotransport vositalari harakatlanmoqda. Yengil avtomobillar va fuqarolarga hozircha ruxsat berilmagan. Bu yuqori turuvchi organlar qarori bilan boʻladigan masala hisoblanadi», — dedi Tangriyev.
Shuningdek, Tangriyev unda chegara posti qachon ochilishi bo‘yicha aniq muddat yoki rasmiy ma’lumot mavjud emasligini qo‘shimcha qildi.
«Kursiv»ga murojaat qilgan fuqaroning ta’kidlashicha, «Mayskiy» chegara posti Toshkent viloyatining Chirchiq shahar va Bo‘stonliq tumanida yashaydigan aholi uchun Qozog‘istonga o‘tishga juda qulay.
«Bu post Chirchiq va Bo‘stonliq tomonlarda yashovchilar uchun Qozog‘istonga chiqishda juda qulay. Hozir esa «Qoplonbek» chegara posti ham u tomondan, ham bu tomondan uzoq bo‘lib qolmoqda», — deya ta’kidladi murojaatchi.
Ma’lumot uchun, 2023-yil 15-fevralidan Qozog‘istonning «Qazigurt» («S.Najimov») va «Atameken» («Sirdaryo») o‘tkazish punktlari rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan piyodalar, avtobus, yengil va yuk ko‘tarish qobiliyati 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 40 foizga qisqartirilgani haqida yozgan edi.