TIV Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan Rossiyadagi migratsiya reydlarini muhokama qildi

TIV Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov bilan Rossiyadagi migratsiya reydlarini muhokama qildi. Joriy yilning 26-yanvar kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev Rossiya tomoni bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekistonning Rossiya hududlarida faoliyat yuritayotgan bosh konsullari ham qatnashib, joylardagi real holat va amaliy tajribalar asosida masalalar ko‘rib chiqildi. Rossiya tomonidan esa konsullik bo‘limi, migratsiya uchun mas’ul xodimlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reydlar vaqtida fuqarolarning qonunga amal qilayotgan bo‘ladimi yoki migratsiya qoidalarini buzgan bo‘ladimi, huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi prinsipial ahamiyatga ega ekanini alohida urg‘uladi.
Tomonlar Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari uchun qonuniy mehnat qilish sharoitlarini yaxshilash va migratsiya jarayonlarini tartibga solishda o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
Shuningdek, amaliy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Migratsiya agentligi 2025-yilda xorijda ishlagan fuqarolar foydasiga $1,9 mln undirgani haqida xabar berilgandi. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida ish haqi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan 3 ming nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan. Ushbu ishlar natijasida fuqarolarga tegishli mablag‘larning qaytarilishiga erishilgan.