Yangiliklar

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i va prokuroriga hayfsan berildi

Rahbarlarga olti oylik sinov muddati tayinlandi
Foto: Toshkent shahri IIBB

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultonxo‘jayev va shahar prokurori vazifasini bajaruvchi Anvar O‘rmonovga hayfsan e’lon qilindi. Ularga jinoyatchilikni fosh etish va oldini olishdagi sustkashliklari uchun olti oylik sinov muddati belgilandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Toshkent shahar ichki ishlar tizimida tergov sifati pastligi va xodimlarning malakasizligi oqibatida o‘tgan yili 833 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay, hisobdan yashirilgan. Shaharda jinoyatchilik 2 mingtaga kamaygani haqida hisobot berilgan bo‘lsa-da, poytaxtdagi 26 ta mahalla «qizil», 465 tasi «sariq» toifada qolmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Respublika bo‘yicha Chilonzor tumani oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik va bezorilik, Yunusobod esa bosqinchilik bo‘yicha birinchi o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, o‘tgan yili Yashnobod va Mirobodda qotillik, Olmazorda tan jarohati, Shayxontohurda talonchilik holatlari eng ko‘p kuzatilgan. Vaziyatni o‘nglash maqsadida ushbu tumanlarning barcha ichki ishlar boshliqlari yangilandi.

Mas’ullar 12 ta tuman hokimi, sektor rahbarlari va «mahalla yettiligi» bilan hamkorlik qilganda 7,5 mingta jinoyatning oldini olish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi. R. Sultonxo‘jayev va A. O‘rmonov faqat «mikroavtobusda shahar aylanish» bilan band bo‘lib, amaliy natija ko‘rsatmagani keskin tanqid qilindi.

Avvalroq Kursiv Uzbeksitan to‘qqiz yilda Toshkentning doimiy aholisi 1 millionga ko‘paygani haqida xabar bergan edi.