
So‘nggi to‘qqiz yilda Toshkentning doimiy aholisi 1 millionga ko‘paydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda qayd etildi.
Aytilishicha, hududga kuniga 1 mln kishi va qariyb 350 ming transport vositasi kiradi. Shu davrda 42 ta maktab va 426 ta bog‘cha barpo etildi. Shuningdek, qariyb 36 mln kvadrat metr savdo obyektlari qurilib, 145 ming xonadonli uy-joylar foydalanishga topshirildi.
Poytaxt iqtisodiyoti 367 trln so‘mdan oshib, jon boshiga yillik hajm 116 mln so‘mga yetdi.
Shuningdek, yig‘ilishda yirik bozorlar va gavjum joylarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik yetarli emasligi qayd etildi. Milliy gvardiya, Ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar idoralari o‘rtasidagi muvofiqlashtirish sustligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yilda bozorlar va parklarda 87 ta jinoyat sodir etilgan. Toshkent shahrida jami 774 ta yong‘in qayd etilgan.
Bozorlarni raqamlashtirish jarayoni juda sekin ketayotgani tanqid qilindi. Hozircha faqat «Chorsu» bozori va «Farhod» bozorida situatsion markazlar tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent – Xovos va Toshkent – Guliston yo‘nalishidagi poyezdlar qatnovi to‘xtatilgani haqida yozgan edi.