
Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi qariyb 60 trln so‘mga yetgani ma’lum qilindi. Davlat rahbarining qayd etishicha, bu holat Davlat budjetiga yiliga 7,5 trln so‘m zarar yetkazmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim korxonalar ishlab chiqarish va savdo hajmini yashirgani sababli faqat aksiz solig‘i bo‘yicha 66 mlrd so‘m to‘lanmagan. Shuningdek, poytaxtda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilarning 30 mingga yaqini bir so‘m ham qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lamagan.
Savdo, xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish sohalarida ham jiddiy muammolar aniqlangan. Xususan, kassa apparatlarining qariyb 25 foizi umuman ishlatilmayapti, bu esa tushumlarning yashirilishiga sabab bo‘lmoqda.
Yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida Toshkent shahar soliq organlari faoliyati mutlaqo qoniqarsiz deb baholandi. Ayrim soliq rahbarlari tushumni oshirish o‘rniga noqonuniy ishlayotgan «tadbirkorlar»ga homiylik qilgani qayd etildi. O‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 70 mlrd so‘m soliq hisobga olinmagani aniqlangan.
So‘nggi ikki yil ichida poytaxt soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan, natijada budjetga 27 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Yaqinda Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Dilshod Usmanov lavozimidan ozod qilinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgani, shuningdek, ish faoliyatida guruhbozlik va maishatbozlikka yo‘l qo‘ygani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar IIBB boshlig‘i va prokuroriga hayfsan berilgandi. Ularga jinoyatchilikni fosh etish va oldini olishdagi sustkashliklari uchun olti oylik sinov muddati belgilandi.