Banklar va moliya

«Yangi bank» ishi: kafolatlangan omonat summasi qachon berila boshlanishi aytildi

Jismoniy shaxslar kompensatsiya mablag‘larini bir necha yo‘l bilan olishlari mumkin
Foto: «Yangi bank»

«Yangi bank»da omonati bo‘lgan fuqarolarga kompensatsiya to‘lash bilan «Biznesni rivojlantirish banki» shug‘ullanadi. Bu haqda Omonatlarni kafolatlash agentligi ma’lum qildi.

Agentlikning bildirishicha, kompensatsiya pullari omonatchilar ro‘yxati asosida va shaxsni tasdiqlash tartibi orqali beriladi. Kompensatsiyani olish uchun fuqarolardan hech qanday qo‘shimcha to‘lov olinmaydi.

Jismoniy shaxslar kompensatsiya mablag‘larini bir necha yo‘l bilan olishlari mumkin. Ular «BRB» mobil ilovasi orqali pulni onlayn tarzda boshqa bank kartasiga o‘tkazishlari mumkin. Shuningdek, bank xizmatlari markazlariga borib, naqd pul shaklida ham olish imkoniyati mavjud.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga kompensatsiya to‘lovlari «Biznesni rivojlantirish banki»ning barcha bank xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Ular bankda hisob ochish yoki mablag‘ni boshqa bankdagi hisob raqamiga o‘tkazish orqali kompensatsiyani olishlari mumkin.

Bundan tashqari, omonatchilar istasa, kompensatsiya mablag‘larini «Biznesni rivojlantirish banki»ning omonat mahsulotlariga joylashtirishlari ham mumkin. Kompensatsiya to‘lovlari qachon boshlanishi haqida ma’lumotlar bank va agentlikning rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘lovlarni 2026-yil 28-yanvardan boshlash rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 15-yanvardagi qaroriga muvofiq, «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi. Keyinchalik Omonatlarni kafolatlash agentligi va Markaziy bank vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ochiq muloqotda «Yangi bank» AJ tugatilishi jarayoni, omonatlar va kreditlar taqdiri bo‘yicha muhim ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, «Kursiv» «Yangi Bank»ni tugatish bo‘yicha Tugatish komissiyasi tashkil etilgani haqida yozgandi.