Qarashlar

1-fevraldan O‘zbekiston bo‘ylab qanday o‘zgarishlar yuz beradi

Kursiv Uzbekistan 1-fevraldan O‘zbekistonda turli sohalarda yuz beradigan o‘zgarishlar haqidagi xabarlarni taqdim etadi
Foto: Advantour.uz

Kursiv Uzbekistan 1-fevraldan O‘zbekistonda turli sohalarda yuz beradigan o‘zgarishlar haqidagi xabarlarni taqdim etadi.

Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi

Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi
Zo‘ravonlik xavfi ostidagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati joriy etiladi / Foto: FTW

Prezident «2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-fevraldan zo‘ravonlik oqibatida oilasidan ajratilgan, shuningdek, o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan va ijtimoiy jihatdan xavfli ahvoldagi bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar bolalarda zo‘ravonlik oqibatida yuzaga kelgan ruhiy jarohatlarning salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi. Zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilalarga «Inson» markazlari orqali, shartnoma asosida joylashtiriladi.

O‘zbekistonda yagona ijtimoiy reyestr joriy etiladi

O‘zbekistonda yagona ijtimoiy reyestr joriy etiladi
O‘zbekistonda yagona ijtimoiy reyestr joriy etiladi / Foto: Live journal

Prezidentning «Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» va Kambag‘al oilalar reyestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi. Reyestr «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali olib borilib, davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rsatiladigan oilalarni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholashga xizmat qiladi.

Ijtimoiy reyestrda oilalar «davlat ta’minotidagi oila», «kambag‘al oila» va «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifalariga ajratiladi. Mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan a’zolardan iborat va jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan past bo‘lgan oilalar davlat ta’minotidagi oila sifatida belgilanadi.

«Yoshlar daftari» orqali «prava» olish xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi

«Hamroh» dasturi doirasida xotin-qizlar tadbirkorligi uchun ikki trillion so‘m ajratadi
Foto: Facebook/Sun’iy intellekt

 2026-yil 1-fevraldan belgilangan ijtimoiy yordam turlari Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy shartnoma orqali quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:

  • ta’lim olishni uzluksiz ravishda amalga oshirib borish;
  • ta’lim jarayonida ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish;
  • volontyorlik faoliyatini amalga oshirish;
  • «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasidagi loyihalarda qatnashish.

Shuningdek, 1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi;

«Yoshlar daftari» jamg‘armalari orqali:

  • avtomototransportlar haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash bo‘yicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining «A», «B», «D» va «DE» toifalarini olish uchun to‘lab beriladi;
  • kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining kontrakt summasi 50 foizgacha qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi hamda 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim;
  • ayni bir shaxs 1 yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.

Chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi

Chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi
Chiqarilganiga 50 yildan oshgan transportlardan foydalanish taqiqlanadi / Foto: Sun’iy intellekt

 1-fevraldan boshlab umumiy vazni 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, kon, shaxta va karyerlarda ishlatiladigan maxsus transportlar, yuridik shaxslar tasarrufidagi yo‘nalishsiz taksilar hamda «antiquar» avtomototransportlar uchun alohida davlat raqamli seriyali ro‘yxat joriy etiladi.

Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda quyidagi hujjatlar idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadi:

  1. Avtomototransport sotib olish-sotish shartnomasi;
  2. «Elektron online auksionlarni tashkil etish» AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;
  3. Davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan transport vositalari uchun beriladigan elektron hisob-ma’lumotlar;
  4. Avtomototransport vositasi mulkdorining shaxsiy ma’lumotlari.

Shuningdek, ishlab chiqarilganiga 50 yildan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi va ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi ham bekor qilinadi.

1-fevraldan birinchi marta ID-karta olganlarga elektron raqamli imzo bepul qo‘shib beriladi

Foto: Yandex

O‘zbekistonda birinchi marta ID-karta olganlarga elektron raqamli imzo bepul qo‘shib beriladi. Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan jismoniy shaxslarga ID-karta birinchi marta rasmiylashtirilganda, uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo (ERI) sertifikati bepul taqdim etiladi.

Shuningdek, tegishli departament jismoniy shaxslar bo‘yicha markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish uchun vakolatli organ etib belgilandi. Ushbu bazalarda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining yashash va vaqtincha turgan manzillari, ID-kartalarning seriyasi, raqami, berilgan joyi va amal qilish muddati, fuqarolik holati hamda O‘zbekistonga taklif qilingan xorijiy fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlanadi.

Silk Avia ichki yo‘nalishlar bo‘yicha narxlarni oshiradi

рейсы Silk Avia
Foto: Silka Avia

Silk Avia 2026-yil 1-fevraldan boshlab ichki yo‘nalishlar bo‘yicha tariflarni oshiradi.

Yangilangan tariflar o‘rtacha 7-7,5 foizga ko‘tarilgan bo‘lib, chiptalar aviakompaniya saytida, barcha aeroportlarda va Uzbekistan Airways Sales filiallarida sotuvga qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun, narxlar bir tomonga hisoblangan. Yo‘lovchilarga sayohatlarini rejalashtirishda ushbu o‘zgarishlarni inobatga olish tavsiya qilinadi.

1-fevraldan «Afrosiyob» poyezdlari chiptalari 15 foizga qimmatlashadi

Foto: UzRailway

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari uchun chipta narxlari 2026-yil 1-fevraldan boshlab 15 foizga oshirilishini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, chipta narxlarining oshirilishiga elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar xarajatlarining ko‘payishi, elektr energiyasi hamda ekspluatatsiya xarajatlarining oshgani, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash va xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni davom ettirish zarurati sabab bo‘lgan.

Yangilangan tariflar

Yo‘nalishVIPBiznesEkonom
Toshkent – Buxoro1,138 mln so‘m760 ming so‘m509 ming so‘m
Toshkent – Qarshi976 ming so‘m642 ming so‘m429 ming so‘m
Toshkent – Samarqand709 ming so‘m455 ming so‘m311 ming so‘m

Shu bilan birga, «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdlari chiptalari narxlari ham 15 foizga oshirilgani ma’lum qilindi.

1-fevraldan gaz va elektr subsidiyasiga arizalar onlayn qabul qilinadi

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
Foto: Mielenkaari

O‘zbekistonda ehtiyojmand oilalar 1-fevraldan boshlab elektr energiyasi va gaz xarajatlari uchun subsidiya olishga onlayn tarzda murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar arizalarni Yagona milliy ijtimoiy himoya tizimi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, davlat xizmatlari markazlari yoki mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim orqali topshirishi mumkin. Arizalar har oyning 16-sanasiga qadar qabul qilinadi va avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar subsidiya oluvchi sifatida avtomatik tan olinadi. Shuningdek, har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan daromadi eng kam iste’mol xarajatlarining 1,5 baravaridan kam bo‘lgan kambag‘al va davlat ta’minotidagi oilalar ham kompensatsiya olish huquqiga ega.

Toshkentda rezidentlar uchun pulli avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etiladi

Toshkentda rezidentlar uchun pulli avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etiladi / Foto: xdp

Toshkent shahrida pulli to‘xtab turish joylarida yashovchi fuqarolar uchun rezident avtoturargoh ruxsatnomalari joriy etilmoqda. Poytaxt hokimi qaroriga ko‘ra, har bir turarjoy manzili bo‘yicha ko‘pi bilan ikki dona rezident ruxsatnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin.

Yangi tartibga asosan, rezidentlar uchun avtomobilni kechasi soat 20:00 dan ertalab 08:00 gacha pulli to‘xtash joylarida bepul qo‘yish imkoniyati bo‘ladi. Kunduzgi vaqtda esa belgilangan tariflar asosida to‘lov undiriladi. Ruxsatnoma bir yil muddatga beriladi.

Yillik rezidentlik ruxsatnomasi uchun bir bazaviy hisoblash miqdori to‘lanadi. Hozirgi kunda bu summa 412 ming so‘mni tashkil etadi. Ruxsatnoma faqat bitta transport vositasiga nisbatan amal qiladi.

Mazkur tartib 2026-yil 1-fevraldan kuchga kiradi.

O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlariga aksiz solig‘i JST talablari asosida qayta ko‘rib chiqiladi

Foto: depositphotos

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvarga qadar alkogol mahsulotlariga qo‘llaniladigan aksiz solig‘i stavkalari Jahon savdo tashkiloti (JST) standartlariga moslashtiriladi. 

Hukumat sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va mahalliy hamda import alkogol mahsulotlari uchun soliq yuki farqini qisqartirishga kirishmoqda. Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan aroq, konyak va boshqa spirtli ichimliklar uchun aksiz solig‘i: mahalliy mahsulotlarga — 1 litr uchun 48 ming so‘m, import mahsulotlariga — 1 litr uchun 60 ming so‘m etib belgilanadi.

Shuningdek, vino va pivo mahsulotlari bo‘yicha ham farqlangan stavkalar joriy etiladi:

  • Pivo: mahalliy — 3 ming so‘m/litr, import — 5 ming so‘m/litr.
  • Tabiiy vino: mahalliy — 7 ming so‘m/litr, import — 12 ming so‘m/litr;
  • Boshqa turdagi vinolar: mahalliy — 9 ming so‘m/litr, import — 15 ming so‘m/litr;

2026-yil davomida tamaki mahsulotlari bo‘yicha stavkalar bosqichma-bosqich ko‘tariladi:

  • 1-fevraldan — sigara, chilim tamakisi, o‘rama tamaki, qizdiriladigan tamaki tayoqchalari, veyplarga;
  • 1-iyuldan — filtrli va filtrsiz sigaretlarga soliq stavkalari 7 foizga oshiriladi.

Binolar zilzilabardoshligi bo‘yicha ilmiy xulosa to‘lovi 50 foizga kamaytiriladi

Binolarga beriladigan zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa to‘lovi 50 foizga kamaytiriladi
Binolarga beriladigan zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa to‘lovi 50 foizga kamaytiriladi / Foto: ijtimoiy tarmoq

2026-yil 1-fevraldan zilzilabardoshlik bo‘yicha ilmiy xulosa olish uchun undiriladigan to‘lov 50 foizga qisqartiriladi. Hukumat binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish bo‘yicha yangi qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabrdan loyihalash jarayonida hududlarning zilzila kuchini ko‘rsatadigan akselerogramma bazalari qo‘llanildi. Shuningdek, bir xil loyiha seriyasiga bir marta to‘lov asosida xulosa beriladi, shu turdagi qolgan loyihalar uchun alohida to‘lov olinmaydi.

1-fevraldan «A» va «B» toifali haydovchilik guvohnomasi uchun nazariy ta’limni mustaqil o‘rganishga ruxsat beriladi

2026-yildan moped va skuterlar uchun «A1» toifali guvohnoma joriy etiladi / Foto: depositphotos.com

2026-yil 1-yanvardan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasida «A1» kichik toifasi joriy etildi.

Bundan tashqari, 1-fevraldan «A» va «B» toifali haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan avtomaktablarda o‘qish bu bosqichda majburiy bo‘lmaydi.

Yangi tartibga ko‘ra, «A», «B», «C» va «D» toifali haydovchilik guvohnomasi egalariga «A1» toifadagi moped va skuterlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarish huquqi beriladi.