Yangiliklar

2025-yilda O‘zbekistondan eksport yuk tashishlar hajmi 29 foizga oshdi

Yetakchi davlat Qirg‘iziston bo‘ldi, talab uch baravarga oshgan
2025-yilda O‘zbekistondan eksport yuk tashishlar hajmi 29 foizga oshdi / Foto: Unsplash

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan yuklarni eksport qilish bo‘yicha buyurtmalar soni 29 foizga oshdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga ATI.SU yuk tashish birjasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Eng katta o‘sish Qirg‘izistonga to‘g‘ri keldi — talab uch baravarga oshgan. Shuningdek, O‘zbekistondan Rossiyaga yuk yetkazish bo‘yicha buyurtmalar 24 foizga, Qozog‘istonga 23 foizga, Belarusga esa 48 foizga ko‘paygan.

ATI.SU ma’lumotiga ko‘ra, yil davomida import yuk tashish bozori 21 foizga kengaydi. Yetakchi davlat Rossiya bo‘ldi (+17 foiz). Eng tez o‘sish esa Qozog‘iston (+45 foiz), Xitoy (+54 foiz) va Qirg‘izistonda (+117 foiz) qayd etildi.

Avvalgi yilga o‘xshab, O‘zbekiston ichidagi yuk tashishlarga bo‘lgan buyurtmalar soni ham keskin oshib, 79 foizga yetdi. Asosiy talab sanoat (+6,8 foiz) va chakana savdo (+11,2 foiz) sohalari hisobiga ta’minlandi.

«Umuman olganda, yil katta kutilmagan holatlarsiz o‘tdi — biz yuk tashishlarga bo‘lgan talabning bozordagi real vaziyatga mos ravishda bosqichma-bosqich o‘sishini kuzatdik. Yilning ikkinchi yarmida Rossiya yo‘nalishida talabning biroz pasayishi, asosan, Rossiya–Qozog‘iston chegarasidagi bojxona va chegara nazoratining kuchaytirilishi bilan bog‘liq muammolar bilan izohlanadi», — dedi ATI.SU’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Farid Vahidov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Brest chegara punktida o‘zbekistonlik yuk tashuvchilarga alohida yo‘lak ochilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.