Sport

Tata Steel Chess–2026. Abdusattorov va Sindorov o‘zaro bahsda durang o‘ynadi

Foto: UzA

Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida davom etayotgan nufuzli Tata Steel Chess–2026 turnirining 9-turida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov o‘zaro bahs olib bordi. Qizg‘in kechgan o‘yinda tomonlar murosaga kelib, durang natija qayd etildi.

Ushbu natijadan so‘ng Nodirbek Abdusattorov 6 ochko bilan turnir jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. Javohir Sindorov esa 5,5 ochko jamg‘argan holda ikkinchi pog‘onadan joy olgan. Abdusattorov turnir davomida Praggnanandha Rameshbabu, Nguyen Tai Dai Van, Gukesh Dommaraju va Vinsent Keymer ustidan g‘alabaga erishdi. U faqatgina 8-turda niderlandiyalik Anish Giriga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, boshqa turlarda durang natijalarni qayd etgan.

Foto: tatasteelchess.com

Javohir Sindorov esa hozircha mag‘lubiyatsiz harakat qilmoqda. U 4 va 5-turlarda Matias Bleubaum hamda Yag‘is Kaan Erdog‘musni mag‘lub etgan. Qolgan turlarda, jumladan, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi o‘yinda ham durangga imzo chekdi.

Navbatdagi 10-tur bahslari 28-yanvar kuni o‘tkazilishi belgilangan. Unda Abdusattorov sloveniyalik Vladimir Fedoseyev bilan, Sindorov esa niderlandiyalik Jorden van Forest bilan kuch sinashadi.

Avvalroq kursiv Uzbekistan Tata Steel Chess turnirida Sindorov raqibini yenggani haqida xabar bergan edi.