
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov chakana kreditlash hajmining oshishiga qarshi emasligini, biroq jarayonning sifati muhimligini ta’kidladi. Bu haqda u 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Regulyator fuqarolar daromadiga mos kelmaydigan qarz yukiga botib qolishidan ogohlantirmoqda.
Markaziy bank rahbariyatining qayd etishicha, garchi aholi tomonidan kreditlarga talab yuqori bo‘lsa-da, umumiy kreditlash hajmi iqtisodiyotga nisbatan hali ham past darajada. Shu sababli o‘sish tabiiy jarayon sifatida baholanmoqda va uni sun’iy cheklash rejalashtirilmagan. Biroq asosiy e’tibor aholining to‘lov qobiliyati va kreditlarning qaytarilish sifatiga qaratiladi.
«Kreditlar qandaydir emotsional tarzda olinib, ertaga muammoli kreditga aylanmasligi va odamlar og‘ir qarzga botmasligi kerak», — deb ta’kidladi MB raisi.

Shuningdek, Timur Ishmetov regulyator banklar tomonidan qo‘llaniladigan orttirilgan foizlar va jarimalarni cheklash bo‘yicha ishlar boshlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarz o‘z vaqtida qaytarilmagan taqdirda qo‘shimcha foizlar hisoblash amaliyotini tartibga solish bo‘yicha banklarga allaqachon dastlabki ko‘rsatmalar berilgan.
«Hozircha bu masala bo‘yicha banklarga bizning yondashuvimiz yetkazildi. Bir yil davomida ushbu normalarni to‘liq me’yoriy hujjatlarga aylantiramiz. Bizni xavotirga solayotgan jihat chakana kreditlar o‘sishi emas, balki shu o‘sish fonida odamlarning haddan tashqari qarzga botib ketmasligidir. Biroq, bizning fikrimizcha, o‘rta muddatda chakana kreditlash hajmi baribir o‘sishda davom etadi, chunki umumiy talab hali to‘liq qondirilmagan», — dedi MB raisi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi 35,8 foizga oshib, 390 trln so‘mni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda kreditlash o‘sishi 14,2 foiz darajasida bo‘lgan va hajm 287 trln so‘mni tashkil etgan.
Kreditlar o‘sishida jismoniy shaxslar segmenti yetakchi bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda aholi kreditlari hajmi 157 trln so‘mga yetib, yillik hisobda 51 foizga oshdi. 2024-yilda ushbu ko‘rsatkich atigi 4 foizni tashkil etgan.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga ajratilgan kreditlar esa 27 foizga o‘sib, 233 trln so‘mga yetdi. O‘tgan yili mazkur segmentdagi o‘sish sur’ati 21 foiz bo‘lgan.
Shu tariqa, 2025-yilda kreditlash o‘sishi asosan chakana kreditlar faollashuvi hisobiga tezlashgan, biroq Markaziy bank ta’kidlaganidek, regulyator uchun asosiy ustuvorlik kreditlar hajmi emas, balki ularning sifati va qaytarilish barqarorligi bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan banklarda mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaygani haqida xabar bergan edi.