Alisher Usmonov Frankfurter Allgemeine Zeitung’ga qarshi sudda g‘alaba qozondi

eʼlon qilindi
Sud ushbu bayonotlarni Alisher Usmonovning shaxsiy huquqlarini buzuvchi, asossiz ma’lumotlar deb topdi
Алишер Усманов
Foto: TASS

Germaniyaning Gamburg yer sudi 23-yanvar kuni Alisher Usmonovning Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) nashriga qarshi da’vosini qanoatlantirdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan’ga rossiyalik tadbirkor matbuot xizmati ma’lum qildi.

FAZ’ning «Kreml topshirig‘i bilan» sarlavhali maqolasida Usmonov go‘yoki Rossiya hukumatining O‘zbekistondagi norasmiy vakili bo‘lgani, 2006-yilda «Kommersant» nashrini sotib olgach, uning tahririyat siyosatiga aralashgani hamda o‘z boyligini Moskva manfaatlari yoki topshirig‘i asosida ishlatgani haqida da’volar ilgari surilgan edi.

Sud ushbu bayonotlarni Alisher Usmonovning shaxsiy huquqlarini buzuvchi, asossiz ma’lumotlar deb topdi va ularni tarqatishni taqiqladi. Qarorga ko‘ra, taqiq buzilgan har bir holat uchun 250 ming yevrogacha jarima solinishi mumkin. Agar jarimani undirishning imkoni bo‘lmasa, har bir holat bo‘yicha olti oygacha ma’muriy qamoq, jami ikki yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Shuningdek, Gamburg sudi ilk bor Aleksey Navalniy tomonidan bildirilgan, Usmonov go‘yoki Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev bilan bog‘liq tuzilmalarga ko‘chmas mulk «hadya qilgani» haqidagi bayonotlarni tarqatishni ham taqiqladi. Avvalroq Rossiya sudi bu da’volarni yolg‘on deb topgan edi. Aynan shu iddaolar Yevropa Ittifoqi tomonidan Usmonovga qarshi sanksiyalar joriy etilishiga asos bo‘lib xizmat qilgan.

Sud majlisi ochiq tarzda o‘tkazildi. FAZ advokatlari sudda o‘z da’volarini tasdiqlovchi hech qanday dalil taqdim eta olmadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Alisher Usmonovning boyligi 2025-yilda 19,3 milliard dollarga yetgani haqida yozgandi.

Shuningdek