
Andijon viloyatining Asaka tumanida yirik miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
«O‘zenergoinspeksiya»ning hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida oilaviy korxona ishlab chiqarish obyektida elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib, energiyadan ruxsatsiz foydalanib kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 969 million so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bunday holatlar nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki elektr ta’minoti tizimining barqaror ishlashiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Ayni vaqtda holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, amaldagi qonunchilik doirasida huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kichik AESning birinchi beton quyish muddati o‘zgarmagani haqida yozgandi.