
Chevrolet brendi ostida taqdim etilgan Chevrolet Move N400 modeli avtomobil bozorida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistonda ko‘pchilik uni shunchaki «yangi Damas» deb atamoqda. Ilgari Damas xarakterli, shovqinli va xavfli avtomobil sifatida tanilgan edi. Maqolada Chevrolet Move N400 modeli haqida so‘z boradi.
Mundarija:
Tashqi ko‘rinish
Yangi Move N400 vizual jihatdan sodda va tartibli bo‘lib qolgan. Old qismi sokin va oddiy dizaynga ega. Multfilm qahramoniga o‘xshash elementlar yo‘q. Maksimal komplektatsiyada xrom panjara va tuman chiroqlari avtomobilni ancha qimmatroq ko‘rsatadi. Hatto o‘rta komplektatsiyada ham avtomobilga qarash noqulaylik tug‘dirmaydi.

Aerodinamikaga alohida e’tibor berilgan. Havo qarshiligi koeffitsiyenti 0,32 ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich eski Damas bilan solishtirganda sezilarli farq qiladi va yonilg‘i sarfi hamda barqarorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Salon qismi
Salon dizayni minimalistik. Plastik qattiq, eshik panellari juda oddiy. Tirsak qo‘yiladigan joy yo‘q. Shunga qaramay, ichki makon ko‘zni charchatmaydi. Rul qulay, uzatmalar aniq va yumshoq ulanadi. Stakan qo‘yish joylari va qo‘l tormozi yonidagi katta bo‘shliq kundalik foydalanishda ancha qulaylik yaratadi.

Asboblar paneli yoritilishi 2000-yillar boshidagi VAG avtomobillarini eslatadi. O‘qilishi oson, ortiqcha vizual shovqin yo‘q. Eshiklarning yopilishi alohida e’tiborga loyiq. Ular yengil va ishonchli yopiladi. Bu jihat hatto Cobalt bilan solishtirganda ham ijobiy taassurot qoldiradi.
Kenglik va sig‘im
Orqa qator oynalari to‘liq ochiladi. Bu esa yo‘lovchilar uchun katta qulaylik. Uch qatorda ham joy yetarli. Tom balandligi bosim qilmaydi. O‘rindiqlar tik holatda turganida ham yukxona saqlanib qoladi. Agar barcha o‘rindiqlar yig‘ilsa, yukxona hajmi 4 kub metrgacha yetadi. Rasmiy yuk ko‘tarish quvvati qariyb 750 kg deb ko‘rsatilgan. Amalda esa bu avtomobil undan ham ko‘proq yuk ko‘rishi aniq.

Dvigatel va texnika
Kaput ostida 1,5 litrli, to‘rt silindrli dvigatel joylashgan. Quvvati 103 ot kuchiga teng, aylanish momenti 147 Nm. Dvigatel Euro-5 ekologik standartiga mos. Bu agregat tez yurish uchun emas, balki mehnat qilish uchun mo‘ljallangan. Ishlash jarayoni sokin, ortiqcha tebranishlarsiz kechadi.
100 km/soatgacha tezlashish taxminan 13,5 soniyani tashkil etadi. Og‘irlik 1200 kg atrofida bo‘lgani sababli, harakatlanish amalda ancha chaqqon seziladi. Orqa yetak saqlanib qolgan. Tekis yo‘lda bu afzallik bo‘lsa, nam asfalt va keskin burilishlarda haydovchidan ehtiyotkorlik talab etiladi.
Qanday harakatlanadi
Eng muhim yangilik shundaki, yangi Damas endi haydovchini qo‘rqitmaydi. Ilashish yumshoq, uzatmalar silliq ulanadi. Osma qattiq, notekisliklar seziladi. Ammo avtomobil oldindan bashorat qilinadigan va tinch xarakterga ega. Endi har bir safar xavfli sarguzashtga o‘xshamaydi. Avtomobil bilan xotirjam yurish mumkin.

Kamchiliklar
Move N400’da kamchiliklar ham yo‘q emas. Yon ko‘zgular kichik. Osma qattiqligi saqlanib qolgan. Salonida ayrim joylardan vaqti-vaqti bilan mayda shovqin eshitilishi mumkin. Lekin bular asosiy yutuqlar fonida jiddiy muammo bo‘lib ko‘rinmaydi.
Sotib olishga arziydimi

Taxminan 159 mln so‘m narxda taklif qilinayotgan Chevrolet Move N400 loyiq avtomobil sifatida namoyon bo‘lmoqda. U qahramon ham emas, orzu ham emas. Ammo tinch, tushunarli va avvalgidek qo‘rqinchli emas. Shahar ichida, ish va kundalik hayot uchun mos. Yangi Damas haqida berish mumkin bo‘lgan eng to‘g‘ri baho ham aynan shu.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas 3 avtomobilining onlayn savdosi haqida yozgan edi.