Avto

Eng ishonchli avtomobillarni qaysi kompaniya ishlab chiqaradi

Eng katta pasayish Mazda'da kuzatilgan
Foto: Depositphotos

Consumer Reports 2025-yil yakunlari bo‘yicha yangi avtomobillar ishonchliligi reytingini e’lon qildi. Tadqiqot 380 mingga yaqin avtomobil egalarining real tajribasiga asoslangan. Eng ishonchli kompaniyalar qatorida yana Toyota, Subaru va Lexus yetakchilik qilmoqda.

Reytingda Toyota 66 ball bilan birinchi o‘ringa chiqdi. Undan keyin Subaru 63 ball bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Lexus 60 ball bilan uchinchi pog‘onaga joylashdi. Kuchli beshlikni Honda va BMW yakunlab berdi.

Foto: Top Gear

Consumer Reports mutaxassislariga ko‘ra, ishonchliligi past avtomobil egalarga nafaqat asabiylik, balki vaqt va pul yo‘qotishini ham keltirib chiqaradi. Shu bois avtomobil tanlashda, avvalo, ishonchli brendlarga e’tibor qaratish tavsiya etilmoqda.

Tadqiqot natijalari gibrid avtomobillar yana eng barqaror texnologiya ekanini ko‘rsatdi. Ular benzinli va elektr tizimni uyg‘unlashtirgani sababli, ko‘p hollarda oddiy benzinli modellardan ham ishonchliroq chiqmoqda. Gibridlarda yoqilg‘i tejamkorligi ham yuqori baholangan.

Aksincha, to‘liq elektr avtomobillar va plagin-gibridlar muammoliroq bo‘lib qolmoqda. Eng ishonchsiz modellarning katta qismi aynan EV va PHEV’lar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu borada yangi texnologiyalar hali to‘liq mukammallashmaganini mutaxassislar ta’kidlamoqda.

Foto: StreetFins

Reytingda eng katta ijobiy sakrashni Tesla amalga oshirdi. Kompaniya bir yil ichida 8 pog‘ona yuqorilab, 9-o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, Model 3 va Model Y ishonchliligi sezilarli yaxshilangani qayd etildi.

Shu bilan birga, eng katta pasayish Mazda’da kuzatildi. Brend bir yil ichida 8 pog‘ona pastlab ketdi. Bunga CX-70 va CX-90 kabi yangi modellar bilan bog‘liq texnik muammolar sabab bo‘lgan.

Consumer Reports avtomobil xaridorlarini ogohlantirdi. Mutaxassislar to‘liq yangi yoki qayta dizayn qilingan modellarning birinchi yili sotib olinmasligini tavsiya qilmoqda. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, yangi platforma va dvigatellarda muammolar ko‘proq uchraydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri qaysi brendlar eng yaxshi avtomobillarni ishlab chiqarishi haqida yozgan edi.