
Xitoyning CheZhi platformasi 2025-yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha avtomobillar ishonchliligi reytingini e’lon qildi. Tadqiqot davomida minglab avtomobil egalari qoldirgan shikoyatlar tahlil qilinib, har bir model uchun sifat indeksi tuzildi.
Natijalarga ko‘ra, SUV segmentida o‘rtacha ishonchlilik darajasi 24,8 ballni tashkil etib, bu ko‘rsatkich sedan va minivenlarga nisbatan yuqoriroq bo‘ldi. Eng yaxshi natijalar esa yangi platformalarda yaratilgan va zamonaviy elektron tizimlar bilan jihozlangan modellarga to‘g‘ri keldi.

Reyting yetakchisi kutilmaganda Xiaomi YU7 bo‘ldi. Atigi 0,9 ball bilan u birinchi o‘rinni egalladi. 106,5 ming dona ishlab chiqarilganiga qaramay, ushbu krossover egalari tomonidan deyarli hech qanday shikoyat bildirilmagan.

Ikkinchi o‘rinni gibrid Zeekr 9X (1,4 ball) egalladi. Shuningdek, kuchli beshlikka Toyota bZ3X (2,2 ball) va benzinli Changan X5 Plus (2,3 ball) ham kirdi.
Tadqiqotda 300 dan ortiq model o‘rganilgan bo‘lsa-da, ochiq reytingga faqat 70 ta avtomobil kiritilgan. Ular orasida O‘zbekistonda va mintaqada yaxshi tanilgan modellarning natijalari ham bor. Xususan,
- Jetour X70 — 4,4 ball, 11-o‘rin, ishonchlilik ko‘rsatkichlari barqaror;
- Haval Dargo — 4,5 ball, 12-o‘rin;
- BYD Yuan Up — elektr krossoveri, 5,7 ball, 19-o‘rin;
- GAC GS3 — 5,8 ball, 20-o‘rin;
- Geely Coolray — 7,2 ball, 25-o‘rin;
- Geely Atlas — 12,2 ball, 37-o‘rin;
- Jetour T2 — 14,8 ball, 41-o‘rin;
- Zeekr 7X — 14,9 ball, 42-o‘rin;
- Hongqi HS5 — 16,5 ball, 45-o‘rin;
- Changan CS75 Plus — 18,6 ball, 48-o‘rin;
- Li Auto L6 — 18,9 ball, 50-o‘rin;
- Chery Tiggo 8 — 20,6 ball, 51-o‘rin;
- Geely Galaxy EX5 EV / EM-i — mos ravishda 35 va 57-o‘rin.
Mutaxassislar bu natijalar mintaqa bozori uchun muhim ekanini ta’kidlamoqda. Chunki xitoy krossoverlariga bo‘lgan qiziqish yildan yilga ortib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng ishonchli avtomobillarni qaysi kompaniya ishlab chiqarishi haqida xabar berilgandi. Tadqiqot 380 mingga yaqin avtomobil egalarining real tajribasiga asoslangan. Eng ishonchli kompaniyalar qatorida yana Toyota, Subaru va Lexus yetakchilik qilmoqda.