Yangiliklar

Eron riali iqtisodiy inqiroz va namoyishlar fonida rekord darajada qadrsizlandi

AQSh dollari kursi qora bozorda tarixda ilk bor 1,5 million rialga yetdi
Foto: Majid Asgaripour / WANA

Eronda davom etayotgan iqtisodiy inqiroz va ommaviy namoyishlar fonida milliy valyuta kursi 28-yanvar kuni tarixiy minimumga tushib, 1 AQSh dollari 1,5 mln rialni tashkil qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Valyuta kursining qulashi ortidan mamlakatda ijtimoiy keskinlik kuchaygan. 28-dekabr kuni Tehrondagi «Katta bozor»da iqtisodiy qiyinchiliklar sababli boshlangan namoyishlar tez orada siyosiy tus olib, butun mamlakat bo‘ylab tarqaldi. Namoyishchilar siyosiy o‘zgarishlarni talab qilmoqda.

Foto: Euronews.com

AQShda joylashgan HRANA inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida tasdiqlangan o‘lim holatlari 6 126 kishiga yetgan, shulardan 214 nafari xavfsizlik xodimlari hisoblanadi. Eron rasmiy manbalari esa qurbonlar sonini 3 117 nafar deb ko‘rsatmoqda.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham vaziyat og‘irlashayotganini tasdiqlamoqda. Eron Statistika markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 21-dekabrdan 19-yanvargacha bo‘lgan davrda yillik inflyatsiya 60 foizga yetgan. Hukumat importchilar uchun imtiyozli valyuta kurslarini bekor qilib, aholining xarid qobiliyatini oshirish maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘lovlarni joriy etgan edi.

Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammadrizo Orifning ta’kidlashicha, eski tizim korrupsiya tufayli samarasiz bo‘lib qolgan. Markaziy bankning yangi rahbari Abdunodir Hemmati esa Valyuta bozori o‘zining tabiiy yo‘nalishida ketmoqda, deya vaziyatga izoh berdi.

Hukumat tartibsizliklarni bostirish uchun 8-yanvardan beri internetga kirishni cheklab qo‘ygan, bu esa onlayn iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazmoqda. Rasmiy Tehron tartibsizliklarda AQSh va Isroilga aloqador «qurolli terrorchilar va isyonchilar»ni ayblamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron yaqin kunlarda internetni qayta tiklashi mumkinligi haqida xabar bergan edi.