
Mukammal lokonlar yaratish ko‘pchilik uchun oson emas. Issiq qurilmalar, yopishqoq vositalar va bo‘ysunmaydigan sochlar jarayonni yanada qiyinlashtiradi. Stilistlar esa uyda ham chiroyli, uzoq saqlanadigan jingalaklar qilish mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Mutaxassislar fikricha, lokon sifati asosan to‘g‘ri soch vositasini tanlash va sochni oldindan tayyorlashga bog‘liq.
Issiq qurilmalar yordamida lokonlar
Sochni burash uchun ishlatiladigan ilk qisqichlar 1872-yilda fransuz stilisti Marsel Grato tomonidan ixtiro qilingan. Aynan shu usul keyinchalik «marsel to‘lqini» nomi bilan mashhur bo‘ldi. Bugungi kunda esa texnologiyalar rivoji tufayli sochga zarar yetkazmaydigan ployka va dazmollar mavjud.
Stilistlar ployka diametri lokon shakliga bevosita ta’sir qilishini aytadi:
- mayda afro-jingalaklar uchun — 9–13 mm;
- zich va elastik lokonlar uchun — 19 mm;
- klassik lokonlar uchun — 25 mm;
- «plyaj» va «Gollivud» uslubidagi to‘lqinlar uchun — 28–32 mm;
- yumshoq va hajmli to‘lqinlar uchun — 38 mm.
Qurilma qoplamasi ham muhim: keramika eng xavfsiz hisoblanadi, titan qalin va qattiq sochlar uchun mos, metall qoplamadan esa imkon qadar voz kechish tavsiya etiladi.
«Gollivud to‘lqini» — klassika doimo urfda
S-shakldagi silliq va yaltiroq to‘lqinlardan iborat «Gollivud to‘lqini» oltin Gollivud davridan buyon mashhurligini yo‘qotmagan. Bugun bu turdagi soch turmagi qizil gilam tadbirlarida ham tez-tez uchraydi.
Stilistlar bu uslub uchun o‘rtacha diametrli ployka, sochni zichlashtiruvchi krem va yengil laklardan foydalanishni maslahat beradi. Soch ildiziga hajm berish esa turmakning yanada jozibali chiqishini ta’minlaydi.
Qisqa sochlarda ham to‘lqin bo‘lishi mumkin
Ko‘pchilik qisqa sochni jingalak qilish imkonsiz deb o‘ylaydi. Ammo konussimon ployka va o‘rtacha fiksatsiyadagi lak yordamida qisqa sochlarda ham tabiiy to‘lqin hosil qilish mumkin.
Qurilmalarsiz lokonlar: sochni asrab chiroyli bo‘lish
Issiq qurilmalarsiz ham lokon qilish mumkin. Bunda sochlar o‘rim, jgut, lenta yoki yumshoq valiklarga o‘raladi. Bu usul vaqt talab qilsa-da, sochning qurishi va sinishini kamaytiradi.
«Jingalak metod» — tabiiylikni qadrlovchilar uchun
Curly Girl Method — sochning tabiiy jingalakligini saqlash va kuchaytirishga qaratilgan parvarish tizimi. Unda sulfatsiz shampunlar, silikon va spirtsiz konditsionerlar, mikrofiber sochiqlar va diffuzorli fenlardan foydalaniladi.
Stilistlar jingalak soch egalari mayda tishli taroqlardan voz kechib, lokonlarni barmoqlar bilan ajratishni tavsiya qiladi. Shuningdek, ipak yostiq jildi va rezinkalar soch tuzilmasini saqlashga yordam beradi.
O‘rim, puchok va hatto paypoq bilan lokon
Bolalikdan tanish usul — nam sochni o‘rib uxlash hanuz dolzarbligini yo‘qotmagan. O‘rim qanchalik mayda bo‘lsa, to‘lqin ham shunchalik mayda bo‘ladi.
So‘nggi yillarda TikTok’da mashhur bo‘lgan yana bir usul — paypoq yordamida lokon qilish. Bunda nam soch paypoq atrofiga o‘ralib, bir kechaga qoldiriladi. Ertalab esa tabiiy va yumshoq jingalaklar hosil bo‘ladi.