
Prezident Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar vazirining o‘rinbosarlarini yangiladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Jumladan, Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga shu paytagcha favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan Botir Bahromovich Qudratxo‘jayev tayinlandi.

Davron Abitovich Nazarmuhamedov ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Prezident administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti sho‘ba mudiri Diyorbek Nematjonovich Sattorov tayinlandi.

Shuningdek, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlovga qadar Milliy gvardiyasi qo‘mondoni sifatida faoliyat yuritib kelgan Rustam Mirzayevich Jo‘rayev keldi.

Ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari esa Rustam Ravshanovich Mirzayev bo‘ldi. U shu paytgacha Prezident administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari edi.

Toshkent shahrining Olmazor tumani hokimi Azizxon Sharipxonovich Umarxonov esa Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i bo‘ldi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga yangi qo‘mondon hamda yangi Favqulodda vaziyatlar vaziri tayinlangani haqida yozgandi.