Banklar va moliya

Jahonda oltin narxi ilk bor 5,2 ming dollardan oshdi

Dollar zaiflashuvi fonida oltin va boshqa qimmatbaho metallar narxi keskin oshdi
Jahonda oltin narxi ilk bor 5,2 ming dollardan oshdi
Jahonda oltin narxi ilk bor 5,2 ming dollardan oshdi / Foto: The Rising Nepal

Jahon bozorida oltin narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. 28-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:33 holatiga oltin narxi bir unsiya uchun $5 238 ni tashkil etdi.

Reuters nashriga ko‘ra, dollar zaiflashuvi fonida oltin va boshqa qimmatbaho metallar narxi keskin oshdi. Mutaxassislar fikricha, oltin narxining oshishi, asosan, AQSh dollari bilan kuchli teskari bog‘liqlik bilan izohlanadi. OANDA kompaniyasining katta bozor tahlilchisi Kelvin Vongning aytishicha, AQSh savdo sessiyasida oltin narxining ko‘tarilishiga Donald Trampning dollar haqidagi bayonoti sabab bo‘lgan. Uning so‘zlari Oq uyda kelajakda dollarni nisbatan zaifroq ko‘rish bo‘yicha umumiy qarash borligini anglatgan.

AQSh dollari hozir «ishonch inqirozi»ni boshdan kechirmoqda. Dollar kursi so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng past darajalarga yaqinlashib qolgan. Tramp dollarning qadri «yaxshi» ekanini aytgan bo‘lsa-da, bu bayonot dollarga bo‘lgan bosimni kamaytirmadi.

Deutsche Bank 2026-yilda oltin narxi 1 unsiya uchun $6 minggacha chiqishi mumkinligini prognoz qildi. Bank buni markaziy banklar va investorlarning dollardan tashqari, real va moddiy aktivlarga qiziqishi ortayotgani bilan izohladi.

Boshqa qimmatbaho metallar ham rekordlar qayd etdi. Kumush narxi 1,9 foizga oshib, $115,11 ga yetdi. Dushanba kuni u rekord daraja $117,69 gacha ko‘tarilgan edi. Yil boshidan beri kumush qariyb 60 foizga qimmatlashdi.

Platina 2 foizga oshib, $2 692,60 ni tashkil etdi, palladiy esa 1,4 foizga ko‘tarilib, $1 961,68 ga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda oltinning «xavfsiz aktiv» sifatida qanchalik samarali bo‘lishi, qayerdan va qaysi davrda sotib olish eng foydali ekani haqida ekspertlar fikrini o‘rgangandi.