
Bugun, 28-yanvar kuni Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Kelgusi choraklarda ham inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar barqaror pasayishda davom etgan taqdirda, tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, pul-kredit sharoitlari qat’iyligini saqlab qolgan holda asosiy stavkani pasayish tomonga ko‘rib chiqish imkoniyatlari yuzaga keladi», deyiladi xabarda.
2025-yil dekabr holatiga ko‘ra, yillik inflyatsiya 7,3 foizgacha tushdi. Bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizni tashkil etdi. Bunga qat’iy pul-kredit siyosati, so‘mning mustahkamlanishi va import narxlarining sekinlashuvi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Biroq xizmatlar sohasida narxlar hali ham yuqori sur’atda o‘smoqda. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxining ko‘tarilishi va inflyatsion kutilmalarning biroz oshgani inflyatsiyani tez pasaytirishga xalaqit berayotgan omillar sifatida qayd etildi. Shu sababli pul-kredit siyosati hozircha qat’iyligicha qoladi.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil oxiriga borib inflyatsiya 6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklarga qaramay, asosiy savdo hamkorlarda inflyatsiya pasaymoqda, jahon iqtisodiyoti esa kutilganidan tezroq o‘smoqda. Qimmatbaho metallar narxining yuqori bo‘lishi eksport va budjet daromadlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
2025-yilda so‘m AQSh dollariga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlandi. Bu import inflyatsiyasini kamaytirib, dollarlashuv darajasini pasaytirdi va tashqi qarz xarajatlarini yengillashtirdi. Iqtisodiy o‘sish yil yakuniga borib 6,5-7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Markaziy bank inflyatsiyani o‘rta muddatda 5 foizli maqsadli darajagacha tushirish, iqtisodiy barqarorlikni saqlash va aholining xarid qobiliyatini himoyalashni asosiy vazifa deb biladi. Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qaror 2026-yil 18-mart kuni ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq regulyator 11-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ham asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilgandi.