
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov asosiy stavka va inflyatsiya o‘rtasidagi tafovutning yuqoriligi sabablarini tushuntirdi. Bu haqda u 28-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Achilovning so‘zlariga ko‘ra, inflyatsiyaga bosim beruvchi talab omillari kuchli bo‘lgani bois, joriy qat’iy sharoitda 6–7 foizlik farqni saqlash talab etilmoqda.
Jurnalistlar bilan muloqotda asosiy stavkaning 14 foiz, inflyatsiyaning esa 7,3 foiz ekanligi va o‘rtadagi tafovut optimal hisoblangan 3–4 foizdan deyarli ikki barobar yuqoriligi masalasi ko‘tarildi. Markaziy bank vakilining ta’kidlashicha, regulyator asosiy e’tiborni joriy inflyatsiya emas, balki inflyatsion kutilmalar bilan bog‘liq tafovutga qaratmoqda. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 3–3,5 foiz atrofida shakllangan.
Mutaxassisning aytishicha, agar iqtisodiyot neytral sharoitda bo‘lganida, asosiy stavka va inflyatsiya o‘rtasidagi farq 3 foizni tashkil qilgan bo‘lar edi. Biroq hozirgi qat’iy pul-kredit sharoitida yuqori tafovutni ushlab turish zarurati mavjud. Xalqaro hamkorlar bilan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun uzoq muddatli o‘sishga zarar yetkazmaydigan «neytral foiz stavkasi» real hisobda 4,5 foizga teng.
«Biz stavkaga yetib borishimiz uchun avvalambor inflyatsiyaning o‘zi mustaqil pasayish tendensiyasiga o‘tishi, shu bilan birgalikda inflyatsion kutilmalar pasayishi kerak», — dedi Nodirbek Achilov.
Meva-sabzavot va tartibga solinadigan narxlar bosimi
Markaziy bank taqdim etgan grafiklar (1-rasm) shuni ko‘rsatadiki, bazaviy inflyatsiya pasayish tendensiyasini davom ettirib, dekabr oyida 5,7 foizga tushgan.
Biroq umumiy ko‘rsatkichga ikki omil salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda:
- Meva va sabzavotlar: Noyabr-dekabr oylarida ushbu guruhda narxlar o‘sishi kuzatilib, yil yakuniga ko‘ra inflyatsiya 18,9 foizni tashkil etdi.
- Tartibga solinadigan narxlar: Energiya va kommunal xizmatlar tariflari islohoti fonida ushbu sohada inflyatsiya 18 foiz darajasida saqlanib qolmoqda.
1-rasm

Aholi va tadbirkorlar nima demoqda? (Kutilmalar masalasi)
Ikkinchi slayddagi ma’lumotlar Markaziy bankning ehtiyotkorlik siyosatini yaqqol tushuntirib beradi. Rasmiy statistika inflyatsiyani 7 foiz atrofida ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, iste’molchilarning kayfiyati boshqacha:
- Sezilgan inflyatsiya: Aholi dekabr oyida narxlar o‘sishini 12 foiz atrofida sezgan.
- Inflyatsion kutilmalar: Kelgusi 12 oy uchun aholi kutilmalari 11,5 foiz, tadbirkorlarniki esa 11,1 foiz darajasida shakllangan.
Aholi narxlar oshishining asosiy drayverlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatgan:
- Kommunal xizmatlar qimmatlashishi (50% respondentlar).
- Yoqilg‘i va energiya resurslari (47%).
- Transport xarajatlari (29%).
2-rasm

Stavka qachon pasaytiriladi
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ham stavkani pasaytirish bo‘yicha shunday xulosa qildi:
«Biz yil davomida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning pasayishini ko‘rdik. Barcha hisob-kitoblarga ko‘ra, turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha ijobiy kamayish tendensiyasi mavjud. Ma’ruzamning yakunida aytib o‘tdim: agar keyingi choraklarda ushbu ijobiy tendensiya saqlanib qolsa, asosiy stavkani pasaytirish yo‘nalishida uni qayta ko‘rib chiqish uchun asos paydo bo‘ladi».
Avvalroq Kursiv Uzbekistan banklarda mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaygani haqida xabar bergan edi.