Milliy gvardiya va FVVga yangi rahbarlar tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga yangi qo‘mondon hamda yangi Favqulodda vaziyatlar vaziri tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Prezident farmoniga ko‘ra, Bahodir Hamidovich Tоshmatov Milliy gvardiya qo‘mondoni bo‘ldi, shu munosabat bilan u prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
FVVga esa Azizbek Israilovich Ikrоmov tayinlandi. U bungacha Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i edi. Bundan ilgariroq uning nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.
Ma’lumot uchun, Bahodir Tоshmatov Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtini, Oʻzbekiston Qurolli kuchlari akademiyasini, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Harbiy akademiyasini, shuningdek, Fargʻona davlat universitetini tamomlagan. U 2017–2020-yillarda ham Milliy gvardiya qoʻmondoni bo‘lgan. 2018-yildan 2020-yilgacha prezident davlat xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan. Tayinlovga qadar 2020-yil 22-oktabrdan buyon prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining qurolli kuchlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha oʻrinbosari bo‘lib ishlagan.

Azizbek Ikrоmov esa 2019-yildan 2023-yilgacha Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari bo‘lgan.
Avvalroq «Kursiv» Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov nimada ayblanayotgani haqida yozgandi.