Avto

Moskvich JAC bilan hamkorlik to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Moskvich 8 savdosi 22-iyulda boshlangan
Foto: Moskvich

Dilerlar Moskvich va JAC o‘rtasidagi hamkorlik to‘xtatilgani haqida xabar bermoqda. «Avtopotok» nashriga ko‘ra, Moskvich 6 liftbeklarining yangi partiyasi kutilmoqda, biroq Moskvich 8 bo‘yicha endi yetkazib berish rejalashtirilmagan.

Biroq Moskvich avtozavodi bu ma’lumotlarni rad etdi. Korxona bayonotida Moskvich 6 va Moskvich 8 uchun butlovchi qismlar xaridi to‘xtatilgani haqidagi xabarlar ishonchli emasligi qayd etildi. Zavod xaridlar bo‘yicha tafsilotlarni oshkor qilmasligini bildirdi. Shu bilan birga, kelgusi yilda Moskvich 3 ishlab chiqarishini to‘xtatish rejalari yo‘qligi ma’lum qilindi.

Foto: Moskvich

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, kam miqdorda ishlab chiqarilgan krossoverlar, asosan, Moskva shahri hukumati tasarrufidagi tuzilmalarga topshirilgan.

Moskvich 8 savdosi 22-iyulda boshlangan. Biroq noyabrgacha atigi 35 ta avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu model brendning eng yirik va eng sig‘imli avtomobili hisoblanadi. U Xitoyning JAC X8 Plus modeli asosida yaratilgan.

Moskvich 8 krossoverining uzunligi 4825 mm, eni 1870 mm, balandligi 1758 mm. G‘ildirak bazasi 2830 mm, yo‘ldan balandligi 190 mm. Orqa o‘rindiqlar buklanganda yukxona hajmi 2153 litrgacha yetadi. O‘lchamlari bo‘yicha u Hyundai Santa Fe va Chery Tiggo 8 Pro Max bilan taqqoslanadi.

Model 1,5 litrli turbomotor GDI bilan jihozlangan. Dvigatel quvvati 174 ot kuchini tashkil etadi. Uzatma sifatida 7 pog‘onali robot qo‘llanilgan. Avtomobil old g‘ildirakdan tortuvchi sxemaga ega.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi Moskvich modellarining videosi chiqqani haqida yozgan edi.