Yangiliklar

Motorola Edge 70 Fusion smartfonining dizayni va texnik xususiyatlari oshkor qilindi

Yangi model o‘zgacha kamera bloki va yassi ekranga ega bo‘ladi
Foto: The Sunday Guardian

Internet tarmog‘ida Motorola Edge 70 Fusion smartfonining tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi tasvirlar paydo bo‘ldi. Rasmlarda yangi o‘rta budjetli modelning dizaynidagi o‘zgarishlar kuzatildi.

Yangi qurilma oldingi modeldan farqli ravishda burchaklari yumaloqlangan korpus va yangicha shakldagi kamera blokiga ega. Shuningdek, smartfon ekrani chetlari qayrilgan emas, balki deyarli yassi shaklda ekani ko‘zga tashlanadi.

Foto: YTECHB.com

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Motorola Edge 70 Fusion 6,78 dyuymli, 144 Gs yangilanish tezligiga ega AMOLED ekran bilan jihozlanadi. Qurilmaning ishlash samaradorligini Snapdragon 7s Gen 3 protsessori ta’minlashi kutilmoqda. Smartfon 7000 mAch sig‘imli akkumulyator va 50 megapikselli asosiy kameraga ega bo‘lishi aytilmoqda. Yangi modelning taqdimoti 2026-yilning aprel oyida o‘tkazilishi taxmin qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Motorola Signature smartfoni 655 dollardan sotuvga chiqish haqida xabar bergan edi.