Yevropa AQSh yordamisiz o‘zini himoya qila olmaydi — NATO bosh kotibi

NATO bosh kotibi Mark Rutte Yevropa AQSh yordamisiz o‘zini himoya qila olmasligini ma’lum qildi hamda davlatlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi. Bu haqda CNN agentligi xabar berdi.
Bryusselda Yevropa Parlamentida qilgan chiqishida u, agar Yevropa mustaqil himoya qilmoqchi bo‘lsa, har bir mamlakat mudofaa budjetini 10 foizga oshirishi va o‘z yadroviy qurollarini yaratishi kerakligini aytdi. Shuningdek, Rutte AQSh yadroviy soyasi Yevropaning asosiy kafolati ekanini ta’kidlab, uni yo‘qotish erkinlikni xavf ostiga qo‘yishini bildirdi.
Bosh kotib Grenlandiya bo‘yicha ikki asosiy ish yo‘nalishi bo‘lishini bildirdi. Birinchisi, NATO Arktikani himoya qilish uchun kollektiv javobgarlikni oshiradi, Rossiya va Xitoyning hududga kirishini cheklaydi. Ikkinchisi, AQSh, Daniya va Grenlandiya o‘rtasidagi trilateral muzokaralarni davom ettiradi. Biroq Rutte muzokaralarda ishtirok etmasligini va Daniya nomidan kelishuv olib borish vakolati yo‘qligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Donald Tramp va Rutte Davosda uchrashdi. AQSh prezidenti NATO rahbari bilan Grenlandiya bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qilib, Daniya yarimavtonom hududini olishga qarshi chiqqan Yevropa davlatlariga boj solmasligini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Trampning da’volariga javoban Grenlandiyaga ramziy qo‘shin yuborgan edi.