
Navoiy viloyatida davlat zaxirasidagi yerlarda noqonuniy oltin qazib olish va uni kimyoviy qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchilar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, noqonuniy oltin savdosiga ixtisoslashgan uyushgan jinoiy guruh xorijiy davlat fuqarolarini jalb qilgan holda soliq, geologiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qator qonunchilik talablariga zid ravishda faoliyat yuritgan. Ularga Karmana tumanidagi sport sohasiga ixtisoslashgan MChJ rahbari boshchilik qilgan.

O‘tkazilgan tadbirda qonunbuzarlardan 17,2 kg oltin va kumush qorishmasi, 20 kg yarim tayyor oltin mahsuloti, tarkibida oltin zarralari bo‘lgan 250 kg boyitilgan ko‘mir hamda 280 tonnadan ortiq qum va rudalar, 230 litr maxsus kimyoviy vositalar, oltinni ajratib olishga mo‘ljallangan laboratoriya va jihozlari, maxsus idishlar, gaz ballonlar hamda boshqa asbob-uskunalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Uyushgan jinoiy guruh tomonidan oltinni ajratib olish uchun sun’iy yaratilgan 4 ta hovuz kimyoviy vositalar bilan to‘ldirilib, 1 gektar yer sanoat ishlab chiqarish maydoniga aylantirilgan.
Hozirda ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» agar yuqori xalqaro keskinliklar, sanksiyalar bo‘yicha qarama-qarshiliklar va savdo deglobalizatsiyasining kuchayishi davom etsa, oltin narxi keyingi 3-4 yil ichida bir troya unsiyasi uchun $10 mingga yetishi mumkinligi haqida yozgandi.