Sport

O‘zbekiston Tojikiston bilan Osiyo kubogini durang hisobda boshladi

Osiyo kubogining «C» guruhi 1-turidan o‘rin olgan o‘yinda
Foto: O‘zbekiston futzal federatsiyasi

2026-yilgi Osiyo kubogining «C» guruhi 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston — Tojikiston uchrashuvi golsiz durang bilan yakunlandi. Markaziy Osiyo derbisi sifatida katta qiziqish uyg‘otgan bahsda tomonlar 0:0 hisobiga rozi bo‘ldi.

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyev jamoani Shavkat Ibragimov boshchiligidagi tarkibda maydonga tushirdi. Uchrashuvning dastlabki daqiqalaridayoq darvozabon Ibragimov bir necha bor xavfli vaziyatlarda jamoani goldan qutqarib qoldi. Birinchi bo‘limda Elbek To‘lqinov, Muzaffar Ahadjonov va Ilhomjon Hamroyev tomonidan yaratilgan vaziyatlar Tojikiston posboni Bekmurodovning ishonchli o‘yini sababli golga aylanmadi.

Foto: O‘zbekiston futzal federatsiyasi

Ikkinchi bo‘limda ham o‘yin keskin va ehtiyotkor tarzda davom etdi. 26-daqiqada Ibragimov yana bir bor birga-bir vaziyatda seyv amalga oshirdi. 30-daqiqada esa Bekmurodov O‘zbekistonni muqarrar goldan mahrum qildi. Bahsdagi eng xavfli epizod 34-daqiqada yuz berdi — Anasxon Rahmatovning zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.

Durang natijadan so‘ng har ikki jamoa bittadan ochko jamg‘ardi. Guruhning boshqa uchrashuvida Yaponiya Avstraliyani 6:2 hisobida mag‘lub etib, «C» guruhida peshqadamlikni qo‘lga oldi. O‘zbekiston va Tojikiston esa ochkolar soni bo‘yicha 2–3-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Foto: O‘zbekiston futzal federatsiyasi

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvini 30-yanvar kuni Avstraliyaga qarshi o‘tkazadi. Ushbu bahs guruhdan chiqish yo‘lidagi hal qiluvchi o‘yinlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu uchrashuvgacha O‘zbekiston Tojikistonga qarshi Osiyo kubogi final bosqichlarida o‘tkazilgan barcha besh uchrashuvda g‘alaba qozongan edi. Shu jihatdan, 0:0 hisobi Tojikiston uchun tarixiy natija sifatida qayd etildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri FIFA va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar tobora rivojlanayotgani haqida yozgandi.