Yangiliklar

O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 2025-yilda 18,9 mlrd dollarga yetdi

Umumiy o‘sish 27,2 foizni tashkil etdi
Pul
Foto: tatiantmarie / depositphotos.com

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga kirib kelgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 mlrd dollarni tashkil qildi. Bu 2024-yilgi ko‘rsatkichdan 27,2 foizga yuqoridir. Bu haqda MB asosiy stavka masalasiga bagʻishlangan taqdimotda e’lon qildi.

O‘sishning asosiy omillari sifatida rubl kursining mustahkamlanishi hamda mehnat migrantlari oqimining boshqa davlatlarga yo‘naltirilishi keltirib o‘tilgan. Shuningdek, aholining valyuta sotuvi va xaridi o‘rtasidagi ijobiy tafovut 2025-yilda 9,7 mlrd dollarga yetib, oldingi yilga nisbatan 1,4 barobarga oshgan.

Foto: Ekran tasviri

Oylik statistika tahliliga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkichlar yoz mavsumiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, iyul oyida rekord darajadagi 1,973 mlrd dollar, avgustda esa 1,907 mlrd dollar mablag‘ kirib kelgan. Yil oxiri – dekabr oyida esa o‘tkazmalar hajmi 1,598 mlrd dollarni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2024-yilda eng yuqori oylik ko‘rsatkich 1,785 mlrd dollar bo‘lgan edi.

«O‘tkazmalar 2025-yilda 2024-yilga nisbatan 27,2 foizga o‘sdi», – deyiladi Markaziy bank ma’lumotida. Yanvar oyidan boshlab o‘sish dinamikasi barqaror saqlanib qolgan: yil boshida (yanvar) 1,060 mlrd dollar kirib kelgan bo‘lsa, keyingi oylarda bu raqam muttasil oshib borgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikkinchi chorakda $4,8 mlrd xorijiy pul o‘tkazmalari amalga oshirilgani haqida xabar bergan edi.