
Samsung kompaniyasi yaqinda bozorda chiqishi kutilayotgan yangi Galaxy A37 va A57 smartfonlari haqida rasmiy ma’lumotlarni e’lon qildi. Bu haqda Android Headlines xabar berdi.
Unga ko‘ra, e’lon qilingan tasvirlar rasmiy renderlarga asoslangan bo‘lib, ular yangi modellar dizayni va asosiy texnik xususiyatlarini namoyish etadi. Galaxy A3x va A5x oilasiga mansub yangi qurilmalar bir-biriga juda o‘xshash bo‘lib, ularni faqat ekran atrofidagi ramkaning kengligi orqali ajratish mumkin.


Umuman olganda, Galaxy A37 va A57 dizayni hozirgi avlod modellarga nisbatan sezilarli o‘zgarishga uchramagan. A36 va A37 modellarini rasmlarga qarab ajratish qiyin bo‘lsa-da, bu Samsung smartfonlarida odatiy hol hisoblanadi.
Texnik xususiyatlarga ko‘ra, ikkala model ham 50 MP asosiy kameraga ega bo‘lib, Sony IMX906 sensori bilan jihozlangan. Qurilmalar Full HD+ rezolyutsiyali AMOLED ekranlarga ega bo‘ladi va 5000 mA/s sig‘imli batareyalar bilan 45 vatt quvvatli tezkor zaryadlash imkoniyatini taklif qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 Ultra kuchli displey bilan taqdim etilishi haqida xabar bergan edik.