
Milliarder Ilon Maskga tegishli SpaceX kompaniyasi 2026-yil iyun o‘rtalarida IPO o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joylashtirish doirasida $50 mlrdgacha mablag‘ jalb qilinishi rejalashtirilgan. SpaceX moliyaviy direktori Bret Jonsen dekabr oyidan buyon xususiy investorlar bilan kompaniyaning fond bozoriga chiqish tafsilotlari bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Ilon Mask uzoq vaqt davomida kompaniyani yopiq shaklda saqlash tarafdori bo‘lgan. Biroq Starlink sun’iy yo‘ldosh internet xizmatining muvaffaqiyati va SpaceX’ning tez o‘sib borayotgan qiymati strategiyani qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgani aytilmoqda.
IPO’ni tashkil etishda Wall Street’ning to‘rtta yirik banki yetakchi hamkor sifatida jalb etilishi kutilmoqda. Ular listing jarayonini boshqaradi va investorlar bilan ish olib boradi.
Ma’lumot uchun, SpaceX kompaniyasi 2002-yilda tadbirkor Ilon Mask tomonidan AQShda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy maqsadi kosmik parvozlar narxini keskin kamaytirish va uzoq muddatda insoniyatning Marsga chiqishini ta’minlashdan iborat. SpaceX’ning bosh ofisi Kaliforniya shtatining Hawthorne shahrida joylashgan.
Kompaniya Falcon 1, Falcon 9 va Falcon Heavy raketalarini ishlab chiqdi. Falcon 9 dunyoda qayta foydalaniladigan birinchi orbital raketa sifatida tarixga kirdi. Ushbu raketaning birinchi bosqichi Yerga qaytib, qayta uchirilmoqda. Bu esa kosmik uchirish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirdi. Falcon Heavy hozirgacha foydalanilgan eng qudratli raketalardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ilon Mask kosmosga chiqish xarajatlarini 100 baravar kamaytirmoqchi ekani haqida yozgan edi.