Yangiliklar

Toshkentda yangi avlod elektrobuslari sinovdan o‘tkazila boshlandi

Yutong E9 elektrobusida atmosferaga zararli chiqindilar mavjud emas
Foto: Toshdeptransport

Toshkentda yangi avlod Yutong E9 elektrobusining sinov ishlari boshlandi. Bu haqda Тоshkent shahar transport bosh boshqarmasining rasmiy telegram kanalida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Yutong E9 elektrobusida atmosferaga zararli chiqindilar mavjud emas. Bu esa shahardagi havo sifati yaxshilanishiga xizmat qiluvchi muhim omil sifatida baholanmoqda. Elektr tortish tizimi ekspluatatsiya xarajatlarini ham keskin kamaytiradi. Hisoblarga ko‘ra, gaz va benzin bilan harakatlanuvchi avtobuslarga nisbatan yoqilg‘i xarajatlari qariyb to‘rt baravar kamayadi.

Elektrobus bitta to‘liq quvvatlash bilan 350 km masofani bosib o‘ta oladi. Bu ko‘rsatkich unga qo‘shimcha zaryadlashsiz butun ish kuni davomida shahar yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. Akkumulyator batareyalari zarbaga chidamli korpus bilan himoyalangan. Intellektual boshqaruv tizimi asosiy uzellarning ishlashini optimallashtiradi va murakkab yo‘l sharoitlarida haydovchiga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 2025-yilda ATTO kartalari orqali yo‘lovchilar 36,9 mlrd so‘m tejagani haqida yozgan edi.