Xitoyda Nissan NX8 elektromobili seriyali ishlab chiqarila boshlandi

28-yanvar 2026 17:42 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Nissan

Xitoyning Guanchjou shahridagi Dongfeng-Nissan zavodida Nissan’ning yangi Nissan NX8 elektromobili konveyerdan chiqdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, krossover yaqin orada Xitoy ichki bozoriga BEV va EREV modifikatsiyalarida taqdim etiladi. NX8 Dongfeng-Nissan’ning elektr N-seriyasidagi uchinchi avtomobil bo‘ldi. Seriyaga avvalroq N6 va N7 sedanlari kirgan. China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu modellar jami 52 769 dona sotilgan. NX8’ning ommaviy ishlab chiqarilishi 28-yanvarda boshlandi, bozorga chiqishi esa mart – aprel oylariga rejalashtirilgan.

Foto: Nissan

Kompaniya rasmiy xabarida birinchi seriyali NX8 28-yanvar kuni «binafsha press-rang»da ishlab chiqarilganini bildirdi. Yig‘ish ishlari Guanchjoudagi Huadu zavodida amalga oshirilmoqda. Ushbu majmuaning yillik quvvati 600 ming avtomobilni tashkil etadi. Birinchi nusxadagi «000001» raqami esa NX8’ni katta hajmda sotiladigan modelga aylantirish niyatini anglatadi. Avvalroq Dongfeng-Nissan 2026-yildan boshlab elektromobillarni Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa hududlarga eksport qilishni rejalashtirgani aytilgan edi.

Foto: Nissan

Nissan NX8 Xitoyda ishlab chiqilgan ilk Nissan-brendli elektr SUV hisoblanadi. U N7 sedani bilan bir platformada qurilgan. Modelning o‘lchamlari 4870×1920×1680 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 2917 mm. Old qismida 2,4 metrli LED halqali yoritgich qo‘llangan va avtomobil V-motion dizayn konsepsiyasiga amal qiladi.

Salonida ikki ekranli panel, ikki spoke’li rul, shtangali uzatma boshqaruvi hamda ikkita simsiz quvvatlash joyi mavjud. NX8 proyeksiya displeyi va LiDAR sensori bilan jihozlangan yordamchi haydovchi tizimini olgan. Avtomobil shahar va magistral yo‘llarda NOA avtopilot funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Nissan

Texnik jihatdan NX8 ikki yo‘nalishda taklif etiladi. EREV versiyasi 1,5 litrli turbomotor va orqa g‘ildiraklarni aylantiruvchi 195 kW quvvatli elektromotor bilan jihozlangan. Elektr yurish masofasi 102–185 km oralig‘ida. To‘liq elektr versiya esa 215 kW va 250 kW quvvatli elektromotorlarga ega bo‘lib, 73 va 81 kWh akkumulyatorlar bilan 565–650 km masofani bosib o‘ta oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nissan NX8 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek