Xitoyning Anta kompaniyasi Puma’ning 29 foiz ulushini sotib oldi

Xitoyning eng yirik sport kiyimlari brendi Anta Sports Products Germaniyaning Puma kompaniyasidagi 29,06 foiz ulushni 1,5 mlrd yevro evaziga sotib oldi. Ushbu bitim Antani Puma’dagi eng yirik aksiyadorga aylantiradi, deya yozmoqda Reuters.
Anta o‘z tajribasidan foydalanib Puma’ning Xitoy bozoridagi savdolarini oshirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya rahbariyati Puma’ni global brend sifatida rivojlantirish va uning strategik yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanini aytdi
Puma aksiyalari bitim e’lon qilingandan so‘ng dastlab 17 foizga oshdi va so‘nggi savdo holatiga ko‘ra 9 foizga yuqori savdoda bo‘ldi. Taklif Puma aksiyalarining oxirgi yopilish narxiga nisbatan 62 foiz ustama bilan amalga oshirilmoqda.

Anta ilgari G‘arb brendlarini muvaffaqiyatli sotib olish va rivojlantirish tajribasiga ega bo‘lib, Puma’ni o‘z brendlari portfeliga qo‘shish orqali xalqaro raqobatbardoshligini oshirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya shuningdek, Fila, Jack Wolfskin, Kolon Sport va Maia Active brendlariga ham egalik qiladi.
Puma hozirda sport kiyimlari bozoridagi kuchaygan raqobat va so‘nggi krossovka modellari ommaboplikka erisha olmagani sababli bosim ostida qolmoqda. Bosh direktor Artur Hoeld kompaniyani tiklash va samaradorlikni oshirish bo‘yicha reja tuzgan, shu jumladan xodimlar sonini qisqartirish choralari ko‘rilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prada guruhi Versace brendini $1,51 mlrd evaziga sotib olgan edi.