
O‘zbekiston hukumati yangi zamonaviy suzish havzalarini qurish xarajatlarini qoplash bo‘yicha yangi tartibni tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Ushbu reglament doirasida talabgorlar tomonidan taqdim etilgan dastlabki 100 ta suzish havzasini qurish va ishga tushirish xarajatlari qoplab beriladi.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash 2026-yil 1-fevraldan 2028-yil 1-yanvargacha amalga oshiriladi. Mablag‘lar suzish havzasini tashkil etish xarajatlarining 50 foizigacha, lekin 100 mln so‘mdan oshmagan miqdorda ajratiladi.
Xarajatlarni qoplash uchun talabgor quyidagi shartlarga javob berishi zarur:
- Soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi yo‘qligi;
- Qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi;
- Faoliyati qonunchilikda belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilmaganligi;
- Sud qarori asosida to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilinmaganligi.
Talabgor xarajatlarni qoplash uchun arizani Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali Turizm qo‘mitasiga topshiradi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- Suzish havzasining loyiha hujjatlari nusxasi;
- Qurish va ishga tushirish uchun tuzilgan pudrat shartnomasi nusxasi;
- Shartnomaga asosan to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi elektron hujjatlar nusxasi.
Qo‘mita xarajatlarni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida mablag‘lar talabgorning hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ozuqabop ekinlarni sug‘orish uchun elektr xarajatining yarmi davlat tomonidan qoplanishi bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.