Sport

YChL. Husanov to‘liq o‘ynagan bahsda «Manchester Siti» «Galatasaroy»ni mag‘lub etib, pley-offga yo‘l oldi

Foto: UEFA

«Manchester Siti» Yevropa Chempionlar ligasining guruh bosqichi so‘nggi turida Turkiyaning «Galatasaroy» jamoasini qabul qildi. Uchrashuvda mezbonlar 2:0 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi va uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi.

Манчестер Сити — Галатасарай. Обзор матча Лиги чемпионов. 8 тур

Ushbu g‘alaba evaziga «shaharliklar» ochkolari sonini 16 taga yetkazib, turnir jadvalida 8-o‘rinni band etdi. Bu esa jamoaga kelasi oy bo‘lib o‘tadigan pley-off raundini o‘tkazib yuborib, to‘g‘ridan to‘g‘ri 1/8 final bosqichiga yo‘l olish imkonini beradi.

Foto: UEFA

Abduqodir Husanov mudofaa markazida Natan Ake bilan birga harakat qildi. O‘yin davomida o‘zbekistonlik himoyachi raqib hujumchisi Viktor Osimxenning xavfli hujumlarini bartaraf etishda faollik ko‘rsatdi. Sofascore tahliliy portali Husanovning «Galatasaroy»ga qarshi o‘yinini 6,8 ballga loyiq ko‘rdi.

Foto: mancity.com

Uchrashuvda gollarga 10-daqiqada Erling Xoland va 30-daqiqada Rayan Sherki mualliflik qildi. Jeremi Dokuning sa’y-harakatlari bilan boshlangan hujumlar mezbonlarning ustunligini ta’minladi, biroq belgiyalik futbolchi birinchi bo‘limdayoq jarohat sabab maydonni tark etishga majbur bo‘ldi.

Foto: UEFA

Mazkur uchrashuv Pep Gvardiola uchun ham unutilmas bo‘ldi. Kataloniyalik mutaxassis «Manchester Siti» bosh murabbiyi sifatida o‘zining 400-g‘alabasini tantana qildi. Gvardiola bu natijaga bor-yo‘g‘i 569 ta o‘yinda erishib, Arsen Venger va Aleks Fergyuson kabi afsonaviy murabbiylarning rekordlarini yangiladi.

Foto: mancity.com

Endilikda «Manchester Siti» 1/8 final bosqichida «Benfika», «Budyo-Glimt», «Inter» yoki «Real Madrid» jamoalaridan biriga qarshi bahs olib boradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov Osiyoning ramziy terma jamoasiga kirgani haqida xabar bergan edi.