Apple iWork ilovalari funksiyalarini pullik va bepul turlarga ajratdi

Apple kompaniyasi iWork ofis paketini yangilab, uni yangi Apple Creator Studio obunasi bilan integratsiya qildi. Endilikda iPhone, iPad va Mac foydalanuvchilari uchun ilova funksiyalari barcha uchun ochiq va eksklyuziv toifalarga ajratildi.
Yangi tizimga ko‘ra, oyiga $13 dollar miqdorida obuna haqini to‘lagan foydalanuvchilar generativ sun’iy intellekt funksiyalari, jadvallarni aqlli to‘ldirish (Magic Fill) va professional aktivlar kutubxonasi (Content Hub)dan foydalanishlari mumkin. Bevosita bepul foydalanuvchilar uchun esa faqat yangilangan Liquid Glass interfeysi va HDR formati qo‘llab-quvvatlovi qoldirildi.

Mac qurilmalari egalari uchun yangi tizimga o‘tish majburiy xarakterga ega. Ilovalarning eski 14.5 versiyalari endi yangilanmaydi, yangi funksiyalardan foydalanish uchun Apple Creator Studio nashridagi 15.1 versiyasini yuklab olish talab etiladi. Ushbu o‘zgarishlar foydalanuvchilar orasida turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, yangi paket tarkibiga kirgan Pixelmator Pro grafik tahrirchisi bilan bog‘liq vaziyat ham e’tiborni tortdi. Ishlab chiquvchilar dasturning ikkinchi versiyasini taqdim etib, bir martalik to‘lov bilan sotib olgan foydalanuvchilarga berilgan va’dalarga qaramay, eski versiyani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatdi. Yangi versiyada faol obuna bo‘lmagan taqdirda foydalanuvchi harakatlari to‘liq bloklab qo‘yilishi kuzatilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 18 Pro Starlink’ga ulanishi haqida xabar bergan edi.