
AQSh Milliy avtomobil yo‘llari harakati xavfsizligi boshqarmasi 44 mingdan ortiq Volkswagen ID.4 elektromobillarini chaqirib olish jarayonini boshladi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.
Sabab sifatida yuqori kuchlanishli akkumulyator tizimidagi ehtimoliy nosozliklar ko‘rsatildi, ular batareyaning qizib ketishi va yonib ketishiga olib kelishi mumkin.
Birinchi chaqirib olish 2023–2024-yillarda ishlab chiqarilgan 670 ta avtomobilni o‘z ichiga oladi. Ayrim batareya modullarida elektrod siljishi aniqlangan bo‘lib, bu yong‘in xavfini oshiradi. Egalariga zaryadlashni 80 foiz bilan cheklash, tezkor doimiy tok orqali zaryadlashdan saqlanish va zaryaddan so‘ng avtomobilni ochiq havoda qoldirish tavsiya etildi. Volkswagen nosoz modullarni bepul almashtirishni rejalashtirmoqda.

Ikkinchi chaqirib olish 2023–2025-yillarda ishlab chiqarilgan 43 881 ta avtomobilni qamrab oladi. Bu holatda muammo batareyaning o‘z-o‘zidan razryadlanishini nazorat qiluvchi dasturiy ta’minot yo‘qligi bilan bog‘liq. Kamdan-kam hollarda modul issiqlik tarqalishi natijasida ishdan chiqib, yong‘inga olib kelishi mumkin. Kompaniya akkumulyatorlarni tekshiradi, dasturiy ta’minotni yangilaydi va zarurat bo‘lsa modullarni almashtiradi.
Barcha batareyalar SK Battery America, ya’ni SK On kompaniyasining bo‘linmasi tomonidan yetkazib berilgan. 2025-yilda ID.4 Volkswagen’ning eng ko‘p sotilgan elektromobili bo‘lgan bo‘lsa-da, yangi chaqirib olish uning obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq GM Chevrolet Equinox avtomobillarini ovozsiz yurishi sabab chaqirib olgani haqida xabar bergan edik.