Chet tili birinchi fan bo‘lgan yo‘nalishlarga «B1» daraja ham imtiyoz beradi

Hukumat qarori bilan fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish xorijiy tilni bilish bo‘yicha kamida «B1» darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonida:
- «B1» darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fan bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi;
- «B2» va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fan bo‘yicha belgilangan maksimal ball to‘liq beriladi.
Avval ushbu yo‘nalishlarga qabul qilish faqat kamida «B2» darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat asosida amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ayrim toifadagi talabalarning talabalar turarjoyidagi xarajatlari qoplab berilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, yashash xarajatlari davlat oliy ta’lim tashkilotlarida faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga, davlat granti yoki to‘lov kontrakt asosida o‘qishidan qat’i nazar, Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.