Chevrolet avtomobillariga dvigatel moyini qanday tanlash kerak

29-yanvar 2026 10:24 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Chevrolet avtomobillariga dvigatel moyini qanday tanlash kerak
Chevrolet avtomobillariga dvigatel moyini qanday tanlash kerak / Foto: «Avtovzglyad»

Dvigatel moyi avtomobil yuragi bo‘lgan motorning sog‘lom ishlashini ta’minlaydigan eng muhim omillardan biri. Ayniqsa, Chevrolet avtomobillarida to‘g‘ri moy tanlash dvigatelning uzoq xizmat qilishi, yonilg‘i tejamkorligi va texnik nosozliklarning oldini olishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Shu sababli Kursiv Uzbekistan mazkur maqolada Chevrolet avtomobillari uchun dvigatel moyini tanlashda nimalarga e’tibor berish kerakligi, qaysi moylar mos kelishi va keng tarqalgan xatolar haqida batafsil ma’lumot beradi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:

Chevrolet avtomobillarining dvigatel xususiyatlari

Foto: TALER

Chevrolet brendi ostida turli bozorlarga mo‘ljallangan avtomobillar ishlab chiqariladi. O‘zbekistonda eng ommabop modellar qatoriga Cobalt, Nexia, Lacetti (Gentra), Spark, Malibu, Tracker va Equinox kiradi.

Bu avtomobillarning aksariyati benzinli dvigatellarga ega, turli hajm va texnologiyadagi motorlar bilan jihozlangan va ekologik va yonilg‘i tejamkorlik talablariga moslashtirilgan. Shu sababli, har bir model va dvigatel turi uchun moy tanlashda ishlab chiqaruvchi tavsiyalarini inobatga olish juda muhim.

Dvigatel moyining asosiy turlari

Foto: KLV Market

Chevrolet avtomobillari uchun ishlatiladigan dvigatel moylari uch asosiy turga bo‘linadi:

  • Mineral moylar;
  • Yarim sintetik moylar;
  • To‘liq sintetik moylar.

Mineral moylar neftni qayta ishlash orqali olinadi. Ular nisbatan arzon, ammo tez eskiradi,
yuqori haroratga chidamliligi past, zamonaviy dvigatellar uchun kamroq mos keladi.
Bunday moylar asosan eski rusumdagi yoki katta yurish masofasiga ega avtomobillarda qo‘llaniladi.

Yarim sintetik moylar mineral va sintetik moylar aralashmasidan iborat. Ular narx va sifat jihatidan muvozanatli, o‘rtacha iqlim sharoitida yaxshi ishlaydi va ko‘plab Chevrolet modellariga mos keladi. Masalan, Cobalt yoki Nexia kabi ommaviy modellarda yarim sintetik moylar keng qo‘llaniladi.

To‘liq sintetik moylar zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqariladi va eng yuqori himoya darajasini ta’minlaydi. Ular har qanday haroratda barqaror, dvigatelni maksimal darajada himoya qiladi va yoqilg‘i tejamkorligini oshiradi. Yangi va qimmat Chevrolet modellarida, shuningdek turbo dvigatelli avtomobillarda aynan sintetik moylar tavsiya etiladi.

SAE yopishqoqlik darajasi: raqamlar nimani anglatadi

Foto: cstore

Dvigatel moyi tanlashda eng ko‘p uchraydigan va ko‘pchilik haydovchilarni chalg‘itadigan jihatlardan biri moy qutisidagi 5W-30, 10W-40, 0W-20 kabi belgilar hisoblanadi. Ushbu raqam va harflar SAE (Society of Automotive Engineers) tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro yopishqoqlik klassifikatsiyasini ifodalaydi.

Moy markirovkasidagi W (Winter — qish) belgisi moyning sovuq ob-havodagi xususiyatlarini anglatadi. Bu harf moyning past haroratlarda qanchalik oson oqishini va dvigatel sovuq holatda ishga tushganda qismlarga tez yetib borishini ko‘rsatadi. Masalan, 0W yoki 5W belgili moylar sovuqda tezroq oqadi. Bu esa qishda yoki sovuq tonglarda dvigatelni yengilroq ishga tushirishga yordam beradi. Aksincha, 10W yoki 15W kabi ko‘rsatkichlar sovuqda biroz quyuqroq bo‘lib, juda past haroratlarda dvigatelga yuk tushirishi mumkin.

W harfi oldidan keladigan birinchi raqam moyning sovuq haroratdagi yopishqoqligini bildiradi. Raqam qanchalik kichik bo‘lsa, moy sovuqda shunchalik suyuq bo‘ladi va dvigatel qismlariga tezroq tarqaladi.

  • 0W juda sovuq iqlim uchun mos, dvigatelni ekstremal sovuqda ham oson ishga tushiradi;
  • 5W mo‘tadil sovuq sharoitlar uchun eng keng tarqalgan variant;
  • 10W nisbatan iliq iqlimda yoki qishda garajda saqlanadigan avtomobillar uchun mos.

Ikkinchi raqam moyning dvigatel to‘liq qizigan holatda qanchalik quyuq bo‘lishini ko‘rsatadi. Avtomobil harakatlanayotganda dvigatel ichidagi harorat yuqori bo‘ladi va moy haddan tashqari suyuqlashib ketmasligi kerak.

  • 20 yoki 30 – zamonaviy, tejamkor dvigatellar uchun mos, yonilg‘i sarfini kamaytiradi;
  • 40 – yuqori yuklama va issiq sharoitlarda dvigatelni yaxshiroq himoya qiladi;
  • 50 va undan yuqori – sport yoki yuqori quvvatli dvigatellar uchun mo‘ljallangan.

Agar ikkinchi raqam juda kichik bo‘lsa, moy qiziganda himoya qatlamini yetarli darajada saqlab qolmasligi mumkin. Juda katta bo‘lsa esa, dvigatel ichida ortiqcha qarshilik yuzaga keladi.

O‘zbekiston hududida yoz oylarida harorat yuqori, qishda esa keskin sovuq bo‘lmagan sharoit hukm suradi. Shu bois Chevrolet avtomobillari uchun ko‘p mavsumli (multigrade) moylar eng maqbul hisoblanadi. Ya’ni,

  • 5W-30 zamonaviy Chevrolet dvigatellari uchun universal va tejamkor tanlov;
  • 10W-40 katta yurish masofasiga ega, biroz eskirgan dvigatellar uchun mos variant.

Bu moylar sovuq ishga tushirishda yetarlicha suyuq bo‘lib, yozning issiq kunlarida ham dvigatelni ishonchli himoya qiladi. SAE ko‘rsatkichini noto‘g‘ri tanlash dvigatelning sovuqda og‘ir ishga tushishi, moy sarfining ortishi va yonilg‘i sarfining oshishi kabi muammolarga sabab bo‘lishi mumkin.

API va ACEA standartlari: nimaga e’tibor berish kerak

Foto: SI yordamida qayta ishlangan / russ-oil

Chevrolet avtomobillari uchun dvigatel moyi tanlashda asosan ikki yirik standartga e’tibor qaratiladi: API va ACEA. Bunda API (American Petroleum Institute) AQShda ishlab chiqilgan va butun dunyoda keng qo‘llaniladigan dvigatel moylari standarti. API belgisi moy qutisida odatda API SN, API SP kabi ko‘rinishda yoziladi.

API tizimida S (Service / Spark ignition) benzinli dvigatellar uchun, C (Commercial / Compression ignition) dizel dvigatellar uchun mo‘ljallangan moylarni bildiradi. Chevrolet avtomobillarining aksariyati benzinli bo‘lgani sababli, aynan S harfi bilan boshlanuvchi standartlarga e’tibor qaratish kerak.

API SP standarti dvigatel ichida past tezlikda yuzaga keladigan oldindan yonish (LSPI) kabi muammolarning oldini olishga yordam beradi. Shu bois, yangi Chevrolet modellarida aynan API SP tavsiya etiladi.

ACEA (European Automobile Manufacturers Association) Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari tomonidan ishlab chiqilgan standart bo‘lib, u moyning yuqori yuklama va uzoq xizmat muddatiga qanchalik chidamli ekanini baholaydi.

ACEA tizimi API ga qaraganda yanada qat’iy talablarni o‘z ichiga oladi, dvigatelni uzoq muddat toza saqlashga urg‘u beradi, yuqori tezlik va haroratlarda ishlaydigan dvigatellar uchun moslashtirilgan. Chevrolet avtomobillarida ko‘pincha ACEA A3/B4 yoki ACEA A5/B5 belgilariga ega moylar ishlatiladi.

Avtomobil yangi bo‘lsa va ishlab chiqaruvchi tejamkorlikka urg‘u bersa, A5/B5 maqbulroq bo‘ladi. Agar dvigatel biroz eskirgan bo‘lsa yoki issiq sharoitda ko‘p foydalanilsa, A3/B4 yaxshiroq himoya ta’minlaydi.

Original va alternativ moylar: qaysi biri yaxshiroq

Foto: Avtostrada

GM (General Motors) tomonidan ishlab chiqarilgan original dvigatel moylari Chevrolet avtomobillari uchun maxsus sinovlardan o‘tkazilgan. Bu moylar dvigatel konstruksiyasi, materiallari va ishlash rejimlariga to‘liq moslashtirilgan bo‘ladi.

Yangi yoki kafolat ostidagi Chevrolet avtomobillarida, ayniqsa rasmiy servisda xizmat ko‘rsatilganda, original GM moylaridan foydalanish tavsiya etiladi. Biroq ularning narxi nisbatan yuqori bo‘lishi va ayrim hududlarda mavjudligi cheklangan bo‘lishi mumkin.

Bozorda Chevrolet avtomobillari uchun mos keladigan ko‘plab ishonchli alternativ moylar mavjud. Shell, Mobil, Total, Liqui Moly, Castrol kabi xalqaro brendlar GM talablari va xalqaro standartlarga mos keladigan mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Masalan, yurish masofasi katta bo‘lgan Chevrolet avtomobillarida yoki kafolat muddati tugaganidan keyin sifatli alternativ moylardan foydalanish iqtisodiy jihatdan ham qulay bo‘lishi mumkin.

Quyidagi holatlarda original GM moyi afzal:

  • avtomobil yangi va kafolat ostida bo‘lsa;
  • rasmiy servisda texnik xizmat ko‘rsatilsa;
  • ishlab chiqaruvchi aniq GM moyini tavsiya qilgan bo‘lsa.

Quyidagi holatlarda sifatli alternativ moy to‘g‘ri tanlov bo‘ladi:

  • avtomobil kafolatdan chiqqan bo‘lsa;
  • ishonchli brend va mos standartlar tanlansa;
  • narx va sifat muvozanati muhim bo‘lsa.

Bozorda qalbaki dvigatel moylari muammosi hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Bunday moylar dvigatelga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Qalbaki mahsulotdan saqlanish uchun faqat rasmiy dilerlar va ishonchli do‘konlardan xarid qilish, qadoq, muhr va QR-kodlarni tekshirish lozim.

Moyni qachon almashtirish kerak

Foto: «Maslyonka»

To‘liq sintetik moylarni har 8 – 10 ming kilometrda almashtirish yaxshi. Bunday moylar yuqori harorat va yuklamaga chidamli bo‘lib, zamonaviy Chevrolet dvigatellarida keng qo‘llaniladi.
Yarim sintetik moylarni esa har 6-7 ming kilometrda. Narx va sifat o‘rtasidagi muvozanatli variant bo‘lib, kundalik foydalaniladigan avtomobillar uchun mos. Ammo sintetik moylarga nisbatan tezroq eskiradi. Mineral moylarni har 5 ming kilometrda almashtirish lozim. Asosan eski rusumdagi yoki katta yurish masofasiga ega dvigatellarda ishlatiladi. Tez ifloslanishi sababli qisqa muddatda almashtirish talab etiladi.

Ko‘pchilik haydovchilar moyni faqat yurilgan masofaga qarab almashtiradi. Aslida esa vaqt omili ham muhim. Masalan, avtomobil kam yursa ham, moy oksidlanadi, kondensat va yonish mahsulotlari moy tarkibiga aralashadi, qo‘shimchalar o‘z samaradorligini yo‘qotadi.
Shu sababli, hatto kam foydalaniladigan avtomobillarda ham moyni kamida yiliga bir marta almashtirish tavsiya etiladi.

Eng ko‘p uchraydigan xatolar

Foto: ijtimoiy tarmoq

Chevrolet avtomobillari egalari orasida eng keng tarqalgan xatolardan biri dvigatel uchun mos kelmaydigan yopishqoqlikdagi moyni tanlash. Masalan, dvigatel konstruksiyasi va ishlab chiqaruvchi talablari hisobga olinmasdan juda quyuq yoki aksincha, haddan tashqari suyuq moy ishlatiladi. Natijada sovuqda ishga tushirish qiyinlashadi yoki dvigatel qizigan paytda yetarli himoya ta’minlanmaydi.

Yana bir muhim xato mavsumga mos bo‘lmagan moydan foydalanish. Ba’zi haydovchilar yil davomida bir xil moydan foydalanaveradi, iqlim sharoitlari esa e’tiborga olinmaydi. Qishda juda quyuq moy dvigatelni zo‘riqtirsa, yozda haddan tashqari suyuq moy dvigatel qismlarini yetarli darajada himoyalay olmaydi.

Eng ko‘p uchraydigan, xavfli xatolardan yana biri moyni kech almashtirish. Hatto sifatli moy ham vaqt o‘tishi bilan o‘z himoya xususiyatlarini yo‘qotadi. Moy belgilangan muddatdan ortiq ishlatilsa, u dvigatelni himoya qilish o‘rniga, aksincha, uning yeyilishini tezlashtiradi.

Umuman olganda, Chevrolet avtomobillari uchun dvigatel moyini to‘g‘ri tanlash faqat texnik masala emas, balki avtomobilning uzoq va muammosiz xizmat qilishi uchun muhim investitsiya.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan avtomobil uchun eng yaxshi videoregistratorlar haqida maqola e’lon qilgandi.

Shuningdek